30-iyun — Yoshlar kuni! Yoshlar — Yangi O‘zbekiston kelajagi

Yosh tadbirkorlar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda IT Park rezidenti bo‘lgan 3 716 ta kompaniyaning 1 088 tasi 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan. Sun’iy intellekt, EdTech, KPO, raqamli xizmatlar va boshqa yuqori texnologiyali yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan ushbu kompaniyalar O‘zbekistonning texnologik yechimlarini xalqaro bozorlarga olib chiqmoqda.

30 yoshgacha bo‘lgan rahbarlarning 1 000 nafardan ortig‘ini erkaklar, 100 nafarga yaqinini esa ayollar tashkil etadi. Yosh tadbirkorlar nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning barcha hududlarida ham o‘z bizneslarini faol rivojlantirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Xorazm va Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlar tadbirkorligi yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu esa raqamli iqtisodiyot imkoniyatlari O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yoshlar uchun tobora ochiq va qulay bo‘lib borayotganidan dalolat beradi.

Yosh rahbarlarning aksariyati 1998–2002-yillarda tug‘ilgan bo‘lib, IT Park a’zo kompaniyalarining eng yosh direktorlariga atigi 19 yosh. Ushbu ko‘rsatkichlar IT Park ekotizimi yoshlarning o‘z loyihalarini yo‘lga qo‘yishi, investitsiyalarni jalb qilishi va muvaffaqiyatli biznes qurishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berayotganini yaqqol namoyon etadi.

Bugungi kunda yosh tadbirkorlar nafaqat innovatsion mahsulot va xizmatlarni yaratmoqda, balki butun mamlakat bo‘ylab minglab mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini ham yaratmoqda. 30 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar boshqarayotgan kompaniyalarda 10 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Bu esa mehnat bozorining rivojlanishi va IT sohasining yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

IT Park’ning yosh a’zolari tobora faol ravishda xalqaro bozorlarda ham o‘z o‘rnini egallamoqda. Ularning kompaniyalari AQSH, BAA, Kanada, Rossiya, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarga IT-xizmatlar hamda raqamli yechimlarni eksport qilmoqda. Yosh tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan startaplar investitsiyalarni jalb qilmoqda, xorijiy akseleratsiya dasturlarida ishtirok etmoqda, dunyoning turli mamlakatlaridagi mijozlar bilan ishlamoqda hamda global bozorda muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda. Ular orasida sun’iy intellekt, EdTech, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, KPO va raqamli xizmatlar yo‘nalishlaridagi loyihalar alohida o‘rin tutadi.

Yosh ayol liderlar soha kelajagini shakllantirmoqda

IT Park ekotizimida innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan hamda yangi avlod qizlari uchun ilhom manbaiga aylanayotgan yosh ayol tadbirkorlar alohida o‘rin egallaydi.

Buning yorqin misollaridan biri — Maftunaxon Karimova, Femmy kompaniyasi asoschisi va 30 yoshgacha bo‘lgan texnologik tadbirkorlarning yangi avlodi vakili. Uning Femmy loyihasi ayollar salomatligini qo‘llab-quvvatlash va reproduktiv salomatlik bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan O‘zbekistondagi ilk mahalliy FemTech yechimiga aylandi. 

“Biz shunchaki mobil ilova yaratmayapmiz. Maqsadimiz — ayolni hayotining har bir bosqichida qo‘llab-quvvatlaydigan, unga ishonchli ma’lumot olish, o‘z salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish va doimiy yordamni his etish imkonini beradigan yaxlit ekotizimni shakllantirishdir. Sog‘lom ayol — sog‘lom oila, sog‘lom avlod va kuchli jamiyat demakdir.”

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan yana bir yosh lider — Rahimaxon Nugmanova, International Coding Academy rahbari, ilmiy xodim va qizlar o‘rtasida IT yo‘nalishini faol targ‘ib qiluvchi mutaxassisdir. U bolalar uchun ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish hamda yoshlar, ayniqsa qizlar orasida raqamli ko‘nikmalarni ommalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Hududlardagi yosh tadbirkorlarning muvaffaqiyat hikoyalari

Statistika ortida bilim, qat’iyat va o‘z ustida tinimsiz ishlash orqali muvaffaqiyatli biznes yaratishga erishgan yoshlarning haqiqiy hikoyalari turibdi.

O‘zbekistondagi yangi avlod texnologik yetakchilarining eng yorqin vakillaridan biri Fonus Kids startapi asoschisi Muzaffarbek Zoirovdir. Bor-yo‘g‘i bir necha yil ichida u investitsiyalarni jalb qilishga, nufuzli xalqaro startap tanlovlarida g‘olib chiqishga va O‘zbekistonni startaplar, innovatsiyalar va texnologiyalarga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik maydonlarda taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi.

2025-yilda Fonus Kids GSMA 2025 tanlovida birinchi o‘rinni egalladi, IT Park Ventures fondidan 25 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qildi hamda o‘z loyihasini Barselonada bo‘lib o‘tgan 4YFN xalqaro maydonida taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2026-yilda startap UzCombinator preakseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunladi, Aloqa Ventures va Yoshlar Ventures fondlaridan yana 55 ming AQSH dollari investitsiya jalb qildi. Shuningdek, jamoa Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgan dunyodagi eng yirik ijtimoiy tadbirkorlik tanlovi — Hult Prize Uzbekistan Nationals milliy bosqichida g‘olib bo‘ldi. Ushbu g‘alaba ularga Global Accelerator bosqichida O‘zbekiston nomidan qatnashish va 1 million AQSH dollari miqdoridagi bosh sovrin uchun kurashish imkonini berdi.

"Biz eng kuchli g‘oyalar real muammolarni hal qilish istagidan tug‘ilishiga ishonamiz. G‘alabalar, investitsiyalar va xalqaro dasturlar — bu yakuniy maqsad emas, balki O‘zbekistonda yaratilayotgan texnologiyalar butun dunyoda talabgir bo‘lishi mumkinligining isbotidir. Eng muhimi — global fikrlashdan cho‘chimay, har kuni o‘z mahsulotingiz ustida ishlashdir."

Aynan shunday hikoyalar bugungi kunda O‘zbekistonning yangi avlod tadbirkorlarini shakllantirmoqda. Ular yosh, ambitsiyali va jahon darajasidagi mahsulotlarni yaratishga intiladi. Ular yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda, investitsiyalarni jalb qilmoqda, xizmatlar eksportini rivojlantirmoqda va O‘zbekistonning global texnologik xaritadagi o‘rnini mustahkamlamoqda.

Yoshlar kuni munosabati bilan IT Park’ning yosh a’zolari erishayotgan yutuqlar yangi avlod O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanganini yaqqol tasdiqlaydi. Ularning muvaffaqiyati iste’dod, bilim va tadbirkorlik tashabbusi nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki butun mamlakat taraqqiyotiga ham xizmat qilishini namoyon etmoqda.

2026-06-30