ADEC Innovations O‘zbekistonda Global Business Services’ni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida IT Park Uzbekistan vakillari eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Kagirov boshchiligida ADEC Innovations kompaniyasining Global Business Services yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha direktori Pravin S. Ijava bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda Global Business Services (GBS) sohasini rivojlantirish istiqbollari, servis markazlarini tashkil etish, shuningdek, impact sourcing sohasida hamkorlik qilish hamda yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va xalqaro bozor uchun mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

ADEC Innovations — Global Business Services (GBS), ekologik konsalting, ma’lumotlar tahlili va biznes jarayonlari autsorsingi kabi sohalarda xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniya. Kompaniya 17 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va dunyoning turli mintaqalarida servis markazlari tarmog‘ini rivojlantirgan holda 3 500 dan ortiq xodimni o‘z ichiga oladi.

IT Park Uzbekistan va ADEC Innovations o‘rtasidagi hamkorlik 2026-yil may oyidan buyon rivojlanib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida tomonlar O‘zbekistonning global servis operatsiyalarini rivojlantirish hamda autsorsing va raqamli xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi maydon sifatidagi salohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan bir qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ma’lumotlarga ishlov berish, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va Global Business Services xizmatlarini ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda ADEC Innovations servis markazini ochish imkoniyatini muhokama qildi. Shuningdek, mutaxassislar tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va impact sourcing sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda kompaniyaning xalqaro tajribasini qo‘llash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Yoshlar uchun ta’lim dasturlarini amalga oshirish va Global Business Services sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish, kasbiy ta’lim berish va xalqaro servis markazlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish imkoniyatlarini, shuningdek, xalqaro investorlar va eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar uchun mavjud bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga va O‘zbekistonda ADEC Innovations loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini baholashga kelishib oldi.

ADEC Innovations bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonning Global Business Services jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bunday darajadagi xalqaro operatorning jalb etilishi yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishga, eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirishga, yangi investitsiyalarni jalb qilishga hamda IT Park Uzbekistan’ning mintaqada global servis markazlarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi maydon sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

2026-07-25