AI Leaders 2026: Toshkentda rahbarlar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha Markaziy Yevrosiyodagi eng yirik dastur yakunlandi

Toshkentda AI Leaders 2026 dasturi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu Markaziy Yevrosiyoda rahbarlar uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt bo‘yicha eng yirik ta’lim dasturi hisoblanadi. Dastur Stanford University Human-Centered Artificial Intelligence (HAI), OpenAI Academy va Silkroad Innovation Hub tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

AI Leaders 2026 tashkilotlarda strategik qarorlar qabul qilish va yangi texnologiyalarni joriy etishga mas’ul bo‘lgan rahbarlar, top-menejerlar va mutaxassislarni birlashtiradi. Dastur sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ishtirokchilarga davlat boshqaruvi, moliya, ta’lim, texnologiya sohasi va boshqa tarmoqlarda SI vositalarini joriy etishda yordam beradi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi operatsion faoliyat rahbari Mirzo Iskandar G‘ulomov, shuningdek, Silkroad Innovation Hub asoschisi va bosh direktori Aset Abdualiyev ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilari sun’iy intellektning iqtisodiy rivojlanishdagi roli tobora ortib borayotganini hamda mamlakatning raqamli transformatsiyasi uchun yangi avlod rahbarlarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Joriy yilda dastur O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qatar, BAA va Mo‘g‘uliston kabi to‘qqiz mamlakatdan 150 dan ortiq tashkilotning 800 nafardan ziyod rahbar va mutaxassislarini birlashtirdi. O‘zbekiston tomonidan davlat organlari, moliyaviy institutlar, texnologik kompaniyalar, ta’lim muassasalari va yirik korxonalarni o‘z ichiga olgan 25 dan ortiq yetakchi tashkilotdan 120 nafardan ziyod rahbar va qaror qabul qiluvchi vakillar ishtirok etdi.

Dasturga Stanford HAI professori va Google Research sobiq direktori Piter Norvig akademik rahbarlik qildi. U bilan birga darslarni sun’iy intellekt sohasidagi 15 nafardan ortiq xalqaro ekspert, jumladan, Aleks Pentland, Maykl Bernstayn, Diyi Yang va Maykel Koxenderfer olib bordi.

Ta’lim sakkiz hafta davom etdi. Bu davr mobaynida ishtirokchilar Stanford HAI ma’ruzalari, OpenAI Academy amaliy mashg‘ulotlari, sohaga oid vorkshoplar va strategik konsultatsiyalarni o‘z ichiga olgan 45 soatdan ortiq ta’lim dasturini o‘tadi. Dastur doirasida tashkilotlarda sun’iy intellektni joriy etishga bag‘ishlangan 240 dan ortiq strategik sessiyalar va 120 soatdan ziyod individual mentorlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Alohida blok bank sektori, davlat boshqaruvi, ta’lim va boshqa sohalar uchun AI-agentlarni ishlab chiqish va joriy etishga bag‘ishlandi.

Ta’lim yakunida bitiruvchilar Stanford University HAI va OpenAI Academy sertifikatlariga ega bo‘ldi hamda AI Leaders Community — Markaziy Yevrosiyoda raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi rahbarlarning eng yirik professional hamjamiyatiga qo‘shildi.

IT Park Uzbekistan uchun bunday tashabbuslar mahalliy texnologik ekotizimni rivojlantirish va ilg‘or AI yechimlari bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, bu O‘zbekistonning dunyoning yetakchi ta’lim va texnologik tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2026-06-12