AMC Bridge O‘zbekistonda faoliyatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan’da 2022-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan, dasturiy ta’minot va muhandislik IT-yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan xalqaro AMC Bridge kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Muloqot markazida kompaniyaning mamlakatdagi faoliyatini yanada rivojlantirish, IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, biznesni kengaytirish hamda xalqaro kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar muhokamasi bo‘ldi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Enterprise Uzbekistan dasturi bo‘ldi. Uning vakillari ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan maxsus huquqiy rejim, korporativ tuzilmalarni shakllantirish imkoniyatlari hamda xalqaro kompaniyalar rivojlanishiga xizmat qiluvchi mexanizmlar haqida ma’lumot berdi.

AMC Bridge ushbu dasturga qiziqish bildirib, uning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini o‘rgandi.

Uchrashuvda yosh IT-mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan AMC Bridge Training Program dasturini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Dastur doirasida ishtirokchilar bevosita kompaniyada ta’lim va amaliyot o‘taydi. Eng muvaffaqiyatli nomzodlar esa ishga qabul qilinish uchun keyingi saralash bosqichlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

AMC Bridge ushbu tashabbusni kengaytirishga qiziqish bildirib, IT Park Uzbekistan’ga dasturni yanada rivojlantirishda ko‘maklashish taklifi bilan murojaat qildi. Xususan, tomonlar ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish hamda hududlardagi istiqbolli IT-iste’dodlarni aniqlash va rivojlantirish maqsadida dasturni O‘zbekiston mintaqalariga kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

AMC Bridge IT Park Uzbekistan ekotizimida o‘z faoliyatini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikni esa yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 

2026-10-08