Andijondan AQSH bozoriga: 350 dan ortiq mutaxassis global bozor uchun faoliyat yuritmoqda

Bugungi kunda Marhamat tumanidagi 350 dan ortiq mutaxassis o‘z hududini tark etmasdan Amerika bozori bilan ishlamoqda, tumandagi IT Park rezidentlarining IT-xizmatlari eksporti esa 8,72 million dollarga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Andijon viloyatiga amaliy tashrifi davomida Marhamat shahrida IT va BPO sanoatining rivojlanishi bilan tanishdi.

Vazir IT Park rezidenti — "Ershi Logistics" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan "Ershi Logistics Center"ga tashrif buyurdi. Markaz eksportga yo‘naltirilgan IT va BPO xizmatlarini rivojlantirish bevosita hududlarning o‘zida bandlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga misollardan biriga aylandi.

Bugungi kunda "Ershi Logistics Center"da AQSH bozoridagi kompaniyalarga xizmat ko‘rsatuvchi 350 dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Shunday qilib, tuman aholisi Marhamatning o‘zida qolib, xalqaro mijozlar bilan ishlash va raqobatbardosh daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Eksport ko‘rsatkichlarida ham dinamika sezilarli. 2026-yilning II choragi yakunlariga ko‘ra, Marhamat tumanidagi IT Park rezidentlari 2025-yilning shu davridagi 5,15 million dollarga nisbatan 8,72 million dollarlik IT-xizmatlarni eksport qildi. O‘sish 69,2% ni tashkil etdi.Bugungi kunda Marhamat tumanida 15 ta IT Park rezidenti faoliyat yuritmoqda. 

Marhamat bugungi kunda global bozorga nafaqat poytaxt yoki yirik shaharlardan chiqish, balki kichik shaharlardan ham chiqish mumkinligini isbotlamoqda. Hududlarda IT va BPOni rivojlantirish joylarda ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarni zamonaviy kasblarga jalb qilish va O‘zbekiston IT-eksportining yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirish imkonini beradi.

2026-09-25