AQShdagi IT Park Uzbekistan vakolatxonasi rasman U.S. Chamber of Commerce a’zoligiga qabul qilinib, AQSh biznes-ekotizimiga institutsional kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
U.S. Chamber of Commerce dunyodagi eng yirik biznes-assotsiatsiya bo‘lib, Amerika biznesi va xalqaro savdo manfaatlarini ifodalaydi. Tashkilot AQSh va uning tashqarisidagi yuz minglab kompaniyalar, tarmoq uyushmalari hamda hududiy biznes-assotsiatsiyalarni birlashtirib, biznes kun tartibini shakllantiradi hamda iqtisodiy va tartibga solish siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

AQShdagi IT Park Uzbekistan vakolatxonasining U.S. Chamber of Commerce a’zoligi uning institutsional maqomini tasdiqlaydi va milliy IT-ekotizimni AQSh biznes muhitiga integratsiya qilishda tizimli yondashuvni aks ettiradi. Bu bir martalik hamkorlik emas, balki biznes hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli va barqaror ishlashni anglatadi.
Mazkur maqom doirasida vakolatxona biznes va sanoat tarmoqlariga, tahliliy hamda ekspert materiallariga, shuningdek, sohaviy tadbirlar va B2B imkoniyatlariga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa AQShning regulyatsiya va bozor muhitini chuqurroq anglash hamda Amerika bozoriga chiqishning samarali modellarini shakllantirish uchun sharoit yaratadi.
IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun ushbu a’zolik IT va raqamli xizmatlar eksporti, jumladan, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, BPO va autsorsing xizmatlari, shuningdek, startaplarni xalqaro bozorlarga kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
AQShdagi IT Park Uzbekistan vakolatxonasining U.S. Chamber of Commerce ekotizimidagi ishtiroki Amerika kompaniyalari va xalqaro hamkorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, biznes kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish hamda O‘zbekistonni xalqaro maydonda ishonchli texnologik hamkor sifatida ilgari surish imkoniyatlarini kengaytiradi.
2026-02-27