AQShning Yuta shtati Senati a’zolari va biznes doiralari vakillaridan iborat delegatsiya bilan autsorsing xizmatlarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi

AQShning Yuta shtati Senati a’zolari va biznes doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligida amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek, delegatsiya vaqillari IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, va Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga AQShning Yuta shtati Senati a’zolari va biznes doiralari vakillaridan iborat delegatsiya IT Park Uzbekistan hududida Oʻzbekistondagi eng yirik raqamli kreativ tadbirlardan biri — xalqaro GameFest 2025 festivali ochilishida ham ishtirok etib Yuta shtati Senati Prezidenti va yetakchi biznes vakili Styuart Adams so‘zga chiqib o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tashrifning asosiy qismida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari R. Karimjonov va delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekistondagi raqamli infratuzilmani rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Xususan, xalqaro autsorsing xizmatlarini O‘zbekistonda rivojlantirish, mahalliy IT mutaxassislarini jahon bozoriga tayyorlash, Coursera platformasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ta’lim dasturlari, xorijiy IT kompaniyalar uchun IT Park Uzbekistan tomonidan yaratilgan sharoitlar, soliq imtiyozlari, jumladan, “Zero Risk” kabi keng qamrovli loyihalarning ijobiy natijalari muhokama etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, yosh mutaxassislarni sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida o‘qitish borasidagi hamkorlik imkoniyatlari, ingliz tilini o‘qitish darajasini oshirish, xorijdan murabbiylar va mutaxassislarni jalb qilgan holda trening va seminarlar tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi.

O‘zbekistonni “IT Hub” sifatida targ‘ib qilish va AQSH kompaniyalarni IT Park rezidentiga aylantirish orqali ularning xarajatlarini optimallashtirish va masofaviy ishlash imkoniyatlaridan foydalanib, bizneslarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar samimiy minnatdorchilik bildirib, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik yo‘lida ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2025-05-17