AI & Digital Bridge 2026 xalqaro texnologik forumi doirasida Astana Hub, IT Park Uzbekistan va Eurasia Growth Hub hamkorlik memorandumi imzoladi. Hamkorlik Qozog‘iston va O‘zbekiston texnologik kompaniyalariga xorijiy bozorlarda mijozlar, investorlar va biznes hamkorlarni topish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Memorandum Astana Hub bosh direktori Magzhan Madiev, IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov va Eurasia Growth Hub rahbari Muzaffar Karabayev tomonidan imzolandi.
Tomonlar qo‘shma forumlar, vebinarlar, biznes missiyalar va B2B uchrashuvlar tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Kompaniyalar potensial mijozlar, strategik hamkorlar, resellerlar, tizimli integratorlar, investorlar va akseleratorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkoniga ega bo‘ladi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri Eurasia Growth Hub orqali Qozog‘iston va O‘zbekiston startaplarini Buyuk Britaniya hamda boshqa xalqaro bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. Hamkorlar bozorni o‘rganish, biznesni rivojlantirish va operatsion masalalarni hal etishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oluvchi soft landing mexanizmlarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
“Qozog‘iston va O‘zbekistonda kuchli texnologik jamoalar va iste’dodli tadbirkorlar bor. IT Park Uzbekistan bilan birgalikda ularga xalqaro bozorlarga chiqish, mijozlar va hamkorlar topish hamda o‘z mahsulotlarini rivojlantirishda ko‘maklashmoqchimiz. Ikki ekotizim va xalqaro hamkorlarimiz imkoniyatlarini birlashtirib, mintaqadagi yanada ko‘proq kompaniyalarning o‘z bozorlaridan tashqarida kengayishi uchun sharoit yaratamiz”, – dedi Astana Hub bosh direktori Magzhan Madiev.
“O‘zbekiston va Qozog‘iston texnologik ekotizimlari jadal rivojlanmoqda, kompaniyalarimiz esa xalqaro bozorlarda katta salohiyatga ega. Ushbu hamkorlik startaplar uchun yangi mijozlar va hamkorlarni topish, investitsiyalar jalb qilish hamda yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy imkoniyatlarni kengaytiradi. Sun’iy intellekt va R&D sohasidagi qo‘shma tashabbuslar esa global bozorda raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga xizmat qiladi. Biz uchun eng muhimi, bu hamkorlik ikki mamlakat kompaniyalari uchun aniq natija va yangi o‘sish imkoniyatlarini yaratishidir”, – dedi IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov.
“Bizning vazifamiz startaplarga o‘z yechimlarini xorijiy bozorlar talablariga moslashtirish va zarur biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishdan iborat. Eurasia Growth Hub platformasi orqali jamoalar amaliy yordam olishi va bozorni o‘rganish bosqichidan potensial mijozlar va hamkorlar bilan muzokaralarga tezroq o‘tishi mumkin”, – dedi Eurasia Growth Hub bosh direktori Muzaffar Karabayev.
Memorandum doirasida sun’iy intellekt hamda tadqiqot va ishlanmalar (R&D) yo‘nalishlarida ham qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ular bilim va tajriba almashinuvi, pilot loyihalarni amalga oshirish, mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, texnologik kompaniyalar bilan ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni qamrab oladi.
AI & Digital Bridge 2026 Qozog‘istonda Raqamlashtirish va sun’iy intellekt yili doirasida o‘tkazildi va sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni birlashtiruvchi AI MONTH tadbirlar turkumining markaziy xalqaro voqeasiga aylandi.
2026-10-02