Raqamli texnologiyalar vaziri va IT Park bosh direktori Farg‘onadagi IT Park rezidentlari — “Audiotele” va “Telecontact” faoliyati bilan tanishib.
Sherzod Shermatov va Abdulaxad Kuchkarov IT-xizmatlar eksportiga ixtisoslashgan “Audiotele” va “Telecontact” kompaniyalarining Farg‘ona shahridagi filiallarini ko‘zdan kechirdilar. Tashrif davomida delegatsiya kompaniyalarning joriy loyihalari, mehnat sharoitlari va kengaytirish rejalari bilan batafsil tanishdi.
“Audiotele” kompaniyasi 150 ish o‘rniga mo‘ljallangan zamonaviy binoda faoliyat yuritmoqda, bu yerda hozirda 120 dan ortiq yosh mutaxassis mehnat qilmoqda. Yil oxirigacha ularning sonini 150 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
“Telecontact” kompaniyasi Farg‘ona markazidagi 350 ish o‘rniga mo‘ljallangan uch qavatli binoda joylashgan. Hozirda bu yerda 65 nafardan ziyod yosh mutaxassis faoliyat yuritmoqda, yil oxirigacha esa ularning soni ham 150 nafarga yetadi.
Tashrif doirasida Sherzod Shermatov har ikki kompaniya faoliyatini kengaytirish, yangi eksport loyihalarini jalb etish, mintaqa yoshlari uchun yuqori maoshli qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan yanada ko‘proq sifatli ish o‘rinlarini yaratish, hududlarning eksport salohiyatini oshirish va yoshlarga raqamli texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatli karyera qurish uchun barcha zarur vositalarni taqdim etish maqsadida innovatsion hablar, ta’lim tashabbuslari va IT-kompaniyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
2025-07-11