AWS Academy O‘zbekistonning 12 ta universitetida ishga tushirildi

O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yili uchun AWS Academy dasturi ishga tushirildi. Dastur universitetlarga bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha tayyor o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash imkoniyatlari hamda talabalarni AWS xalqaro sertifikatlariga tayyorlash vositalarini taqdim etadi. 

Dastur IT Park Uzbekistan va Amazon Web Services (AWS) hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda unda O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etmoqda. 

O‘qituvchilar uchun AWS Academy vorkshopi

21-sentabr kuni IT Park’ning Toshkent filialida AWS Academy dasturida ishtirok etayotgan universitetlar o‘qituvchilari uchun vorkshop bo‘lib o‘tdi. Unda Shin Teo Jen, AWS Academy Regional General Manager, Saidazizxon (Daz) Akbarov, AWS Solutions Architect, IT Park Uzbekistan vakillari hamda 12 ta universitet o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Vorkshop davomida ishtirokchilar AWS Academy tuzilmasi, mavjud ta’lim resurslari va professional sertifikatlash imkoniyatlari bilan batafsil tanishdilar. O‘qituvchilar, shuningdek, kurslarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, zarur qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va dasturni kelgusida rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

AWS Academy universitetlarga bepul asosda dars berishga tayyor o‘quv materiallarini, jumladan, ma’ruzalar, laboratoriya mashg‘ulotlari va nazorat topshiriqlarini taqdim etadi. Dastur doirasida o‘qituvchilarni professional tayyorlash, sinov imtihonlari, AWS sertifikatsiyasi uchun chegirmali vaucherlar hamda talabalar va o‘qituvchilar uchun raqamli beydjlar ham taqdim etiladi.

Dasturda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Yangi O‘zbekiston universiteti, Cyber University, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, Toshkent xalqaro universiteti, Amity University Tashkent, Japan Digital University, IT Park University va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) ishtirok etmoqda.

AWS Academy dasturini kengaytirish va yangi AI yo‘nalishlari

Dastur davomida ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan Strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova, Shin Teo Jen, AWS Academy Regional General Manager bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar AWS Academy dasturini O‘zbekistonda yanada rivojlantirish, jumladan, yangi universitetlarni jalb qilish, tayyorlangan o‘qituvchilar sonini oshirish va ularning professional akkreditatsiyasi tizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor AWS Academy’ning mashinaviy o‘rganish va generativ sun’iy intellekt bo‘yicha kurslarini universitetlarning ta’lim dasturlariga integratsiya qilish, shuningdek, AI sohasida ixtisoslashtirilgan ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratildi.

Shuningdek, IT Park rezidentlari uchun bulutli infratuzilma, mashinaviy o‘rganish, generativ AI va AWS servislaridan foydalangan holda texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy ta’lim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Amazon Web Services bilan hamkorlik 2023-yil 2-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va AWS o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida rivojlantirilmoqda. Hujjat raqamli transformatsiya, raqamli ko‘nikmalar va bulutli texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt, ta’lim va tadqiqotlar sohasida tajriba almashishni qamrab oladi.

Amazon Web Services (AWS) global bulutli platforma bo‘lib, hisoblash, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, tahlil, kiberxavfsizlik, mashinaviy o‘rganish va generativ sun’iy intellekt sohalarida 240 dan ortiq servislarni taqdim etadi. 

2026-09-28