Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga tayinlandi

Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan’ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. Avval ushbu lavozimni Abdulakhad Kuchkarov egallagan. 

Bosh direktor sifatida Azamat Karamatov mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, startap va venchur ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, IT Park rezidentlari faoliyatini muvofiqlashtirish, IT xizmatlar  va mahsulotlar eksportini oshirish hamda xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha strategik vazifalar uchun mas’ul hisoblanadi. Shuningdek, u IT Park faoliyatining samaradorligini ta’minlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi tashabbuslarni amalga oshirishni muvofiqlashtiradi.

Azamat Karamatov 2007–2013-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan. 2016-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. 

U o‘z kasbiy faoliyati davomida raqamli texnologiyalar sohasida turli lavozimlarni egallagan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan va xususiy sektorda ham salmoqli tajribaga ega. Shu davr mobaynida u IT-infratuzilmani rivojlantirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etish borasida katta tajriba to‘pladi. 

Yangi lavozimga tayinlanishidan oldin u IT Park Uzbekistan huzuridagi “IT Park Ventures” MChJ bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligida jamg‘arma mintaqadagi eng yirik startap portfellaridan birini shakllantirdi, xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma venchur fondlarini yaratish jarayonini yo‘lga qo‘ydi, shuningdek, iqtidorlarni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, startaplarning global bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish va innovatsion ekotizimni mustahkamlashga qaratilgan dasturlarning hammuallifiga aylandi. 

Shuningdek, IT Park Uzbekistan rahbariyatining quyidagi yangi tarkibi taqdim etildi: 

  • Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari — Radjabov Jahongir Ixtiyor o‘g‘li 

  • Rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Xudayev Lazizbek Ibrohimovich 

  • Strategik rivojlanish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Muksinova Mahliyoxon Azizjon qizi 

  • Inklyuziv rivojlanish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Miralimova Dilafruz Abdulla qizi 

  • Hududiy rivojlantirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Abdullayev A’zam Abdushukurovich 

Yangi rahbariyat tarkibi IT Park Uzbekistan faoliyatini yanada takomillashtirish, IT xizmatlar eksportini oshirish, startap ekotizimini rivojlantirish hamda mamlakatning global texnologik maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 

2026-03-13