Bozorga kirishdan raqamli loyihalargacha: IT Park Uzbekistan Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi

IT Park Uzbekistan’da Qianfan Tuohai Consulting Services (Shenzhen) Co., Ltd. delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Xitoy kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. 

Muzokaralar davomida Xitoy delegatsiyasi vakillari o‘zlarining texnologik yechimlari va faoliyat yo‘nalishlarini taqdim etib, O‘zbekistonda biznes yuritish shartlari hamda IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar. 

Xususan, Mingshang Technology Co., Ltd. va Shenzhen Jurui Cloud Control Technology Co., Ltd. O‘zbekistonda kompaniyalar tashkil etishga qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillari yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofislarni joylashtirish hamda IT Park Uzbekistan tomonidan xalqaro biznes uchun taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ko‘rib chiqdilar.

IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘limi direktori Jahongir Kagirov delegatsiyani O‘zbekiston IT-ekotizimining rivojlanishi va mamlakatda xorijiy texnologik kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, ma’lumotlar markazlari infratuzilmasi va raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralarning yana bir muhim mavzusi O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida amalga oshirilayotgan Khan Tengri Innovation Hub tashabbusi bo‘ldi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo texnologik kompaniyalarining Xitoyning turli shaharlaridagi, jumladan, Shenzhen bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini o‘rnatish va xitoylik texnologik hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish shartlari, ofis infratuzilmasini tanlash hamda O‘zbekiston bozoriga kirishni qo‘llab-quvvatlash vositalari kabi masalalarni kelgusida batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Muzokaralar Xitoy kompaniyalarining O‘zbekiston IT-bozori imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqishini namoyon etdi hamda mahalliy ofislarni ochishdan tortib raqamli loyihalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan aniq hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muloqotni davom ettirish uchun asos yaratdi. 

2026-10-14