Dalerxon Nodirov IT Park Ventures direktori etib tayinlandi

Dalerxon Nodirov IT Park Ventures venchur fondi direktori etib tayinlandi. Avval bu lavozimni egallagan Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga o‘tdi.

Dalerxon Nodirov venchur investitsiyalar va texnologik loyihalarni rivojlantirish sohasida katta tajribaga ega. 2022–2024-yillarda u AloqaVentures’da ishlab, investitsiya portfelini shakllantirish va startap ekotizimini rivojlantirishda ishtirok etgan.

2024–2026-yillarda u IT Park Ventures’da investitsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, fondning asosiy investitsiya yo‘nalishlarini boshqargan. 2026-yilda esa M&A yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida ishini davom ettirib, strategik bitimlar, portfel kompaniyalarni kengaytirish va hamkorliklarni rivojlantirish bilan shug‘ullangan.

Fond faoliyati natijalari

2025-yil yakunlariga ko‘ra, IT Park Ventures portfelida 15 dan ortiq davlatda faoliyat yuritayotgan qariyb 70 ta startap mavjud.

Fond gibrid model asosida ishlaydi: 38 ta loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olgan, yana 30 ga yaqin startap esa hamkorlikdagi dasturlar — akseleratsiya, go-to-market va scale-up dasturlari orqali portfelga qo‘shilgan. Bu dasturlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Asosiy investitsiya yo‘nalishlari — FinTech, EdTech, SaaS va AI.

Fond xalqaro hamkorlar bilan ham faol ishlaydi va ko‘plab bitimlarga birgalikda kiradi. Co-investorlar orasida Alchemist, 500 Global, AloqaVentures, Plug and Play Tech Center, Purple Ventures va boshqa 30 dan ortiq tashkilotlar bor.

2026-yil uchun strategik rejalar

2026-yilda fond istiqbolli startaplar va iqtidorli jamoalarni faolroq izlashni, shuningdek, mavjud loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ya’ni startaplarga o‘sish, kengayish va xalqaro bozorlarga chiqishda yordam beriladi.

Investitsiyalar asosiy texnologik yo‘nalishlar, jumladan, sun’iy intellekt (AI), GameDev va boshqa tez rivojlanayotgan segmentlarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, asosiy e’tibor erta bosqichdagi startaplarga (Seed va Series A) qaratiladi — bu kuchli va muvozanatli portfel shakllantirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, fond xalqaro hamkorlar bilan birgalikdagi venchur fondlarni ishga tushirish arafasida. Bu esa qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish va global bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Dalerxon Nodirovning ushbu lavozimga tayinlanishi fondning hozirgi yo‘nalishini davom ettirish, startaplar bilan ishlashni kuchaytirish va O‘zbekistonga xalqaro investitsiyalarni faolroq jalb qilishga qaratilgan.

 

2026-03-18