27-iyul kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi ijrochi direktor Jahongir Rajabov boshchiligida Budapesht shahrida Digital Uzbekistan tadbirini o'tkazdi. Tadbirda Yevropaning texnologik hamjamiyatidan 80 dan ortiq vakillar, jumladan, potensial buyurtmachilar, venchur fondlari, investorlar va strategik hamkorlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistondan oltita startap — C7 Security (Cerberus), Moneff, Geomotive, Datox, Aura OS va Growz o‘z yechimlarini taqdim etdi. Ular potensial mijozlar va investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, investitsiyalarni jalb etish, biznesni rivojlantirish hamda Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tadbirning asosiy jihatlaridan biri B2B Speed Dating formati bo‘ldi. Ushbu format Digital Uzbekistan doirasida ilk bor qo‘llanildi. Oldindan tashkil etilgan matchmaking tizimi tufayli har bir startap potensial buyurtmachilar, investorlar va hamkorlar bilan qisqa uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa ishbilarmonlik aloqalarini tezkor yo‘lga qo‘yish va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.

Tadbirda, shuningdek, Ericsson, Hungarian Innovation Agency, Hiventures VC, Bonduelle, Obuda University Venture Capital va OTP Bank vakillari ham ishtirok etdilar. Tomonlar qo‘shma loyihalar, investitsion hamkorlik hamda IT Park Uzbekistan va O‘zbekistonning texnologik kompaniyalari bilan uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Digital Uzbekistan tadbirining Budapeshtda o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston IT-kompaniyalarini Yevropa bozorida ilgari surish va ularning keyingi rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
2026-07-28