Enterprise Uzbekistan operatsion tayyorgarlik bosqichiga o‘tmoqda

Enterprise Uzbekistan tashkilotni amaliy ishga tushirish bosqichiga o‘tmoqda. Mazkur bosqichda boshqaruv tuzilmasi shakllantirilmoqda va markazning keyingi faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’muriy baza yaratilmoqda.

Enterprise Uzbekistan — IT sohasini rivojlantirish va xalqaro texnologik hamkorlikni kengaytirish uchun alohida institutsional platforma sifatida tashkil etilayotgan Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi. Markaz xorijiy kompaniyalarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, IT xizmatlari eksportini rivojlantirish hamda zamonaviy tartibga solish muhitini shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Aksiyadorlik jamiyati 2025-yil 25-dekabr kuni Prezidentning PF-233-son farmoniga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirda direksiya tashkil etilmoqda va Enterprise Uzbekistan’ning kelajakdagi ekotizimi uchun asos bo‘ladigan boshqaruv tizimi shakllantirilmoqda. Tashkiliy jarayon doirasida 24-fevral kuni ustav kapitalini shakllantirish maqsadida 40 mlrd so‘m miqdorida aksiyalar emissiyasi ham ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Aksiyadorlik jamiyatini ro‘yxatdan o‘tkazish — bu tashkiliy bosqich hisoblanadi. U kapitalni shakllantirish va ma’muriy bazani yaratishni o‘z ichiga oladi. Huquqiy rejimning to‘liq joriy etilishi esa belgilangan tartibda kelishuv jarayonidan o‘tayotgan tegishli Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingandan so‘ng mumkin bo‘ladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar infratuzilma va boshqaruv mexanizmlarini oldindan tayyorlash imkonini bermoqda. Bu esa raqamli ekotizimning keyingi rivoji uchun sharoit yaratadi hamda IT Park Uzbekistan’ning xalqaro texnologik kompaniyalar va loyihalarni jalb etishdagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.

 

2026-02-26