Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Farg‘ona shahri “Yangi O‘zbekiston” massivi (Eko shahar) hududida qurilishi boshlangan IT Park Farg‘ona filialining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur obyektning umumiy maydoni 1,9 gektarni tashkil etib, unda 14 qavatli zamonaviy bino qad rostlamoqda. Loyihaga ko‘ra, ushbu inshootda 153 ta xonadan iborat bo‘lib, jami 2 960 o‘rinli zamonaviy ofis va o‘quv xonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
IT Park filiali hududida axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar va startaplar uchun qulay ekotizim yaratiladi. Jumladan, bu yerda IT Park rezidentlari uchun qulay va zamonaviy ishchi ofislar, startap studiyalar, coworking zonalar, shuningdek, dasturlash, robototexnika, 3D grafika, grafik dizayn, SMM, zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitish markazlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Vazir Sherzod Shermatov qurilish ishlarini ko‘zdan kechirar ekan, obyektda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yashil energiya va ekologik yechimlardan foydalanish, shuningdek, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Shuningdek, loyiha doirasida jihatdan qulay infratuzilma va innovatsion muhit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur loyiha viloyatda IT sohasini rivojlantirish, yoshlar bandligini oshirish va innovatsion muhitni kengaytirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
2025-07-09