Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida “IT-shaharcha” ochildi

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 15-maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli teхnologiyalar va хorijiy tillarni oʻrganish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq har bir viloyatda 1 tadan “IT-shaharcha”larni tashkil etish belgilangan. Fargʻona viloyati Toshloq tumanida tashkil etilgan “IT-shaharcha” majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

“IT-shaharcha” binosi 2 qavatli va 20 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 nafar yoshlarni o‘qitish imkoniyatiga ega.

Majmuasi bugungi zamon talablari asosida barpo etilgan bo‘lib, majmuada yoshlarni IT sohasidagi o‘quv kurslar va xorijiy tillar yo‘nalishlarida ta’lim olishlari va kasb egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan hamda 10 dan ortiq malakali ustozlar jalb etilgan, 

Ushbu obyektda “Startap-Garage”, coworking zona, frilanserlar uchun joylar, konferens zal, shu jumladan, dasturlash, robototexnika, 3D garfika, Grafik dizayn, SMM hamda zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘rgatish markazlari mavjud.

Vazir va viloyat hokimi tomonidan “IT-shaharcha” majmuasida bugungi davr talablari asosida yoshlarga zamonaviy kasblarni va xorijiy tillarni o‘gatish bo‘yicha takliflar bildirib o‘tildi.
Mamlakatimizda bugungi kunda yoshlarni zamonaviy kasb-hunar o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, axborot texnologiyalarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

2024 yilda viloyatda axborotlashtirish xizmatlari hajmi 587 milliard so‘mga yetgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 115 foizlik o‘sishni tashkil qilgan. Kompyuter dasturlash xizmatlari hajmi esa 104 milliard so‘m bo‘lib, 99,7 foiz o‘sish kuzatilgan. IT Park rezidentlarining soni 80 tadan 106 taga, ish o‘rinlari esa 797 nafardan 1 397 nafarga ko‘paygan.

Ayni paytda rezident korxonalarning 24 tasi IT eksport, 33 tasi raqamli ta’lim, 46 tasi mahalliy bozorga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 112,4 milliard so‘mdan oshgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida hozirgacha 28 mingga yaqin yoshlar IT sohasida ta’lim olgan.

2025-07-09