Ilhomlantiruvchi kelajak: “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari IT Park Uzbekistan’da amaliyot o‘tamoqda

IT Park Uzbekistan o‘z jamoasiga yosh va istiqbolli mutaxassislarni jalb etishni davom ettirmoqda. O‘tgan haftadan boshlab “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturi bo‘yicha chet elda tahsil olayotgan 5 nafar talaba tashkilotga qo‘shildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshida tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi malakali kadrlarni chet elda o‘qitish va qayta tayyorlash maqsadida faoliyat yuritadi. Dastur iqtidorli fuqarolarga yetakchi xorijiy universitetlar va tashkilotlarda ta’lim olish hamda amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi va O‘zbekistonga qaytgach, mamlakatning ustuvor sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga qaratilgan.

Uch nafar amaliyotchi IT Parkning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy ofisida, ikki nafari esa Toshkentdagi bosh ofisda faoliyat yuritmoqda. E’tiborli jihati shundaki, ikki ishtirokchi uchun bu IT Park Uzbekistan’dagi takroriy amaliyot hisoblanadi — ular ilgari o‘zlarini g‘ayratli va tashabbuskor yosh kadrlar sifatida namoyon etishga ulgurgan. Kelgusida IT Park ularni rezidentlar bilan ishlash, startaplarni rivojlantirish va mintaqaviy loyihalar kabi muhim yo‘nalishlarda ishga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyatida.

Hozirgi stipendiatlardan biri, Startap ekotizimini rivojlantirish va venchur investitsiyalar bo‘limi amaliyotchisi Humoyun Shuhratov dasturda ishtirok etish haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Hozirda Arizona universitetining 4-kursida “Axborot va kompyuter fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqdaman. Shu yilning qishida universitetni tugatishni rejalashtirganman. 

Startaplar bilan ishlashni yoqtirganim sababli IT Parkni tanladim. Bu men uchun rivojlanishga imkon beradigan ilhomlantiruvchi va dinamik muhit. Ayni paytda “President Tech Award 2025” loyihasida faol ishtirok etmoqdaman. Menga innovatsion biznesning ichki jarayonlarini o‘rganish imkoniyati eng ko‘p mamnuniyat bag‘ishlaydi.”

Arizona universiteti talabasi Diyorbek Ergashev rezidentlar bilan ishlash bo‘limida amaliyot o‘tamoqda:

“Hozirda IT Parkning rezidentlar bilan ishlash bo‘limida amaliyot o‘tamoqdaman. Bu yerda men rezidentlarning hisobotlarini tekshirish, yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha maslahat berish va taqdim etilayotgan ma’lumotlar sifatini yaxshilashga ko‘maklashish bilan shug‘ullanaman. Shuningdek, kompaniyalar bilan muloqotda faol ishtirok etib, rezidentlar bilan ishlashning ichki jarayonlarini chuqurroq anglashga harakat qilmoqdaman.

Texnologiyalar va IT sohasi bilan bog‘liq barcha narsalarga qiziqaman. Bu soha menga ham nazariy, ham amaliy jihatdan yaqin. IT Parkda ishlash menga amaliy vazifalarni bajarish va O‘zbekistondagi texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish tajribasini orttirish uchun qimmatli imkoniyat yaratmoqda. Bu yerdagi muhit ilhomlantiradi va men kelajakda aynan shu yo‘nalishda rivojlanishga intilyapman.”

Arizona universitetining yana ikki talabasi Davronbek Kadirimbetov, Azizbek Tolibekov va Birmingem universiteti talabasi Ayjamal Qurbonboyeva Nukusdagi IT Park mintaqaviy ofisining loyiha boshqaruvi bo‘limida amaliyot o‘tamoqda. Hozirda ular xalqaro eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, bo‘sh vaqtlarida esa turizm sohasidagi startapni rivojlantirish bilan shug‘ullanmoqda.

IT Park Uzbekistan “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlik qilishdan va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashdan g‘oyat mamnun. Ishonchimiz komilki, bunday tashabbuslar kuchli milliy IT-ekotizimni shakllantirish va raqamli kelajak yetakchilarining yangi avlodi salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2025-06-26