ISsoft Solutions O‘zbekiston bozoriga chiqish va xalqaro faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

26-oktabr kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Kagirov boshchiligida ISsoft Solutions kompaniyasining innovatsiyalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Aleksandr Drobishevskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqish istiqbollari, mamlakatda yuridik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda transchegaraviy operatsion jarayonlarni tashkil etishning maqbul modelini aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

ISsoft Solutions xalqaro faoliyatini kengaytirmoqda: O‘zbekiston istiqbolli yo‘nalishlar qatorida 

ISsoft Solutions — 2004-yilda tashkil etilgan Belarusning eng yirik IT-kompaniyalaridan biri bo‘lib, Shimoliy Amerika, Yevropa va boshqa mintaqalar bozorlarida faoliyat yurituvchi xalqaro Coherent Solutions guruhi tarkibiga kiradi. Kompaniya buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqish, raqamli injiniring, bulutli yechimlar va korporativ axborot tizimlariga ixtisoslashgan.

ISsoft kompaniyasining Belarusdagi dasturiy ta’minot ishlab chiqish markazlarida 1 700 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi. Kompaniyaning texnologik infratuzilmasi to‘rtta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi (R&D), korporativ o‘quv markazi va ichki startap inkubatorini o‘z ichiga oladi.

Xalqaro faoliyatini diversifikatsiya qilish doirasida ISsoft Solutions yangi bozorlarga, jumladan, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlariga chiqish istiqbollarini o‘rganmoqda. O‘zbekiston IT-kompaniyalar uchun amaldagi imtiyozlar va xalqaro texnologik xizmatlar ko‘rsatish zanjirlariga integratsiyalashish imkoniyatlari nuqtayi nazaridan biznesni rivojlantirish uchun salohiyatli yurisdiksiyalardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar ISsoft Solutions kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga bosqichma-bosqich chiqish modelini, jumladan, dastlabki bosqichda xodimlarni ko‘chirmasdan yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish, masofaviy ish formatini saqlab qolish va kelgusida biznes faoliyatini kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. IT Park Uzbekistan vakillari kompaniyani rezidentlik shartlari, soliq imtiyozlari va mamlakatda biznes yuritishning huquqiy hamda tashkiliy jihatlari bilan tanishtirdilar. Taqdim etilgan ma’lumotlar kompaniya tomonidan yurisdiksiyani tanlash va xalqaro faoliyat strategiyasini belgilash jarayonida inobatga olinadi.

Hamkorlikning keyingi istiqbollari 

ISsoft Solutions 2026-yil yakuniga qadar potensial yurisdiksiyalarning qiyosiy tahlilini yakunlash va xalqaro kengayish modelini belgilashni rejalashtirmoqda. Yakuniy qaror qabul qilishda kompaniya O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan shart-sharoitlarni boshqa ko‘rib chiqilayotgan bozorlarning imkoniyatlari bilan birgalikda baholaydi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar ISsoft Solutions kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga ehtimoliy kirishi bilan bog‘liq tashkiliy va huquqiy masalalar yuzasidan amaliy muloqotni davom ettirishga qiziqish bildirdilar.  

2026-10-27