IT Park Code Cup Team Contest g‘oliblari aniqlandi

1-avgust kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida IT Park Uzbekistan tashabbusi bilan “IT Park Code Cup Team Contest” jamoaviy musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Oflayn tarzda o‘tgan turnirning hal qiluvchi bosqichida onlayn saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan sakkizta eng kuchli jamoa bellashdi.

Ishtirokchilar algoritmlar va sport dasturlash sohasidagi bilimlarini, tahliliy fikrlash qobiliyatini, murakkab masalalarga samarali yechim topa olish mahoratini hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini namoyish etishlari lozim edi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra eng yaxshi natijalarni qayd etgan uchta jamoa aniqlandi.

1-o‘rin — TATU jamoasi:
Davlatbek Miroqilov, Azizbek Ma’rufjonov va Shohruh Rahmatillayev.

2-o‘rin — “Yangi O‘zbekiston” jamoasi:
Mardon Hazratov, Muhammadayubxon Erkinov va Husanboy Mansuralliyev.

3-o‘rin — MDUning Toshkent filiali jamoasi:
Kim Svyatoslav, Rezonov Kirill va Sofyenkov Rodion.

Yuqori natijalari uchun g‘oliblar rag‘bat sifatida Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Sport dasturlash bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot lagerida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.

Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot lageridagi ishtirok yosh dasturchilarga algoritmik masalalarni yechish ko‘nikmalarini takomillashtirish, turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar va mutaxassislar bilan tajriba almashish hamda sport dasturlash bo‘yicha xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik darajasini oshirish imkonini beradi.

IT Park Uzbekistan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda hamda O‘zbekistonni yetakchi xalqaro texnologik va ta’lim maydonlarida munosib namoyon eta oladigan yangi avlod IT-mutaxassislarining kasbiy rivojlanishi uchun sharoitlar yaratishda davom etmoqda

2026-08-05