2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, IT Park rezidentlarining xalqaro bozorlardagi faolligi sezilarli darajada oshdi. Eksport faoliyatini amalga oshirayotgan rezident kompaniyalar soni 1 050 taga yetib, ularning 315 tasi hududlarda faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda IT Park rezidentlari tomonidan dunyoning 102 ta mamlakatiga IT-xizmatlar va raqamli mahsulotlar eksport qilinmoqda. Taqqoslash uchun, 2017-yilda rezidentlarning eksport geografiyasi atigi 8 ta mamlakatni qamrab olgan edi. Shu tariqa, so‘nggi yillarda mazkur ko‘rsatkich 12 barobardan ortiq kengaydi.
Joriy yilning o‘zida eksport yo‘nalishlari ro‘yxatiga yana 8 ta yangi davlat qo‘shildi. Bu esa O‘zbekiston IT-kompaniyalarining yangi bozorlarga kirib borayotgani, xorijiy buyurtmachilar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani hamda mahalliy raqamli xizmatlarning xalqaro raqobatbardoshligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Eksportning hududlar bo‘yicha taqsimotida Shimoliy Amerika yetakchi o‘rinni egallab, umumiy eksport hajmining 54 foizini tashkil etdi. MDH va boshqa davlatlar ulushi 22 foizga, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya ulushi 16 foizga, MENA mintaqasi hissasi esa 8 foizga teng bo‘ldi.
Shuningdek, IT Parkda xorijiy kapital ishtirokidagi rezident kompaniyalar soni 1 095 taga yetdi. Ularning 349 tasi Toshkent shahridan tashqaridagi hududlarda faoliyat olib bormoqda. Bu ko‘rsatkichlar xorijiy investorlarning O‘zbekiston IT-bozoriga qiziqishi kuchayib borayotganini hamda hududlarda zamonaviy texnologik biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotganini tasdiqlaydi.
Eksportchi va xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar sonining ortishi mamlakatda xalqaro IT-xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududlarning eksport salohiyatini oshirish hamda O‘zbekistonni global texnologik xizmatlar markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi izchil ishlarning amaliy natijasidir.
IT Park rezidentlarining eksport geografiyasi kengayib borayotgani O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot sohasidagi xalqaro mavqei mustahkamlanayotganini, mahalliy IT-kompaniyalarga bo‘lgan ishonch va talab esa izchil oshayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
2026-08-06