IT Park Uzbekistan AQShdagi diaspora va texnologik hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlamoqda

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi AQShga tashrifi doirasida texnologik va investitsion ekotizim vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, shuningdek, o‘zbek diasporasi va IT hamjamiyati bilan uchrashdi.

Tashrif davomida IT Park Uzbekistan vakillari AQShning texnologik va investitsion ekotizimidagi asosiy o‘yinchilar — Spherion, Effectiff, VentureSpan, Venture University, Talos Capital, Cornell Tech, RepStack va Elpis Labs bilan uchrashdi.

Asosiy muhokama mavzularidan biri venchur ekotizimini mustahkamlash bo‘ldi. Xususan, Venture University bilan investorlar, jumladan, venchur fondlar va biznes farishtalar uchun akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Cornell Tech bilan innovatsion hablarni kengaytirish va tadbirkorlikni o‘qitish bo‘yicha yondashuvlar, jumladan, PhD talabalari uchun dasturlar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari Elpis Labs, Empire va NY Tech Alliance bilan davra suhbatida ishtirok etib, texnologik hamjamiyatlarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildi.

Kelajak tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi: xususan, texnologik yetakchilar, startaplar, investorlar va diasporani birlashtiradigan UZBEK STARTUP SUMMIT NYC 2026 tadbirini o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda.

RepStack va Effectiff kompaniyalari ham O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi — ular mamlakat bozoriga chiqish va IT Park Uzbekistan ekotizimi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ochiq muloqot formatida ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etdi va tajriba almashdi. Ayniqsa, O‘zbekistondan chiqqan asoschilar tomonidan yaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar jalb qilish va yangi bozorlarga chiqishga yordam berish tashabbuslari katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi AQShdagi o‘zbek diasporasi va texnologik hamjamiyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir Silkroad Innovation Hub’da bo‘lib o‘tdi va unda 50 dan ortiq ishtirokchi — tadbirkorlar, IT mutaxassislari va diaspora yetakchilari, jumladan Silikon vodiysi va boshqa texnologik markazlardan vakillar qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash va IT sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi.

Uchrashuvda IT Park Uzbekistan bosh direktorining maslahatchisi Abdulahad Kuchkarov va Silkroad Innovation Hub bosh direktori Asset Abdualiyev so‘zga chiqdi. Ular diaspora O‘zbekistonni rivojlanayotgan IT hab sifatida targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynashi va mamlakat texnologik ekotizimini rivojlantirishda faol ishtirok etishi mumkinligini ta’kidladi.

IT Park Uzbekistan vakillari joriy strategiya va IT-kompaniyalar, startaplar hamda eksport jamoalari uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan ishlash va Shimoliy Amerikadagi loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar bir nechta asosiy yo‘nalishlarni muhokama qildi:

  • IT xizmatlari eksportini rivojlantirish va xalqaro jamoalar yaratish;
  • AQSh bozoriga chiqishga qaratilgan startaplarni yo‘lga qo‘yish;
  • investitsiyalarni jalb qilish va venchur loyihalarni rivojlantirish;
  • xorijiy kompaniyalarni IT Park Uzbekistan ekotizimiga jalb qilish.

Shuningdek, diaspora bilan hamkorlik dasturlari ham taqdim etildi. Ulardan biri — Bonus System, u ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan’ga xorijiy kompaniyalarni jalb qilishda yordam berish va buning uchun mukofot olish imkonini beradi. Ikkinchi tashabbus — Uzbekistan Connect, u xalqaro aloqalarni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun texnologik ambassadorlar tarmog‘ini yaratishga qaratilgan.

Bundan tashqari, talabalar va yosh mutaxassislarni jalb qilish, ta’lim va ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish, stajirovkalar tashkil etish hamda IT mahsulotlarni global bozorlarga olib chiqish bo‘yicha g‘oyalar ham muhokama qilindi.

Tashrif yakunida tomonlar investitsiyalar, ta’lim va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. IT Park Uzbekistan’ning ta’kidlashicha, xalqaro kompaniyalar va investorlar tomonidan bildirilgan qiziqish mamlakatni global texnologik ekotizimga integratsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Delegatsiya tashrifini davom ettirib, Boston shahrida bo‘lib o‘tadigan qator tadbirlarda ham ishtirok etadi.

 

2026-04-21