Toshkent shahrida CEVF 2026 forumi doirasida IT Park Uzbekistan, Astana Hub hamda venchur fondi Big Sky Capital o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik Malayziyada nafaqat mahalliy bozor, balki Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasining barcha davlatlariga yo‘naltiriladigan xalqaro texnologik habni ishga tushirishni nazarda tutadi.

Yangi hab Markaziy Osiyo texnologik B2B-startaplari uchun strategik platformaga aylanadi va ularga tez rivojlanayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga, jumladan, Malayziya, Singapur va boshqa davlatlarga chiqishda “soft landing” imkoniyatini taqdim etadi. Hamkorlik formati tashabbusning geografiyasi va ambitsiyalarini sezilarli darajada kengaytirib, Markaziy Yevrosiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo ekotizimlari o‘rtasida to‘laqonli ko‘prik shakllantiradi.
Mazkur tashabbus IT Park Uzbekistan’ning xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lidagi harakatlarini aks ettiradi hamda tashkilotning mintaqa texnologik kompaniyalarini global bozorlarga olib chiqish platformasi sifatidagi rolini kuchaytiradi. Geografiyaning kengayishi va yangi hablarning ishga tushirilishi startaplar uchun qo‘shimcha o‘sish nuqtalarini yaratadi hamda Markaziy Osiyoning jahon innovatsion ekotizimiga chuqurroq integratsiyasiga xizmat qiladi.
«Yangi hab tadbirkorlar, korporatsiyalar va investorlarni birlashtirib, startaplarga Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik va tez rivojlanayotgan bozoriga kirish imkonini beruvchi ekotizimni shakllantiradi.
Biz IT Park Uzbekistan rezidentlari va mintaqadagi startaplar tomonidan Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga yuqori qiziqish mavjudligini kuzatmoqdamiz. Ko‘plab kompaniyalar allaqachon ushbu mamlakatlarni xalqaro kengayish uchun ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqmoqda. Yangi hab ularga nafaqat o‘z yechimlarini sinovdan o‘tkazish, balki ularni amalda joriy etish va barqaror rivojlanishga erishish imkonini beradi», — ta’kidladi IT Park Uzbekistan Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Jahongir Radjabov.
Hab startaplarga kompleks qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi — huquqiy va biznes moslashuvdan tortib, yirik korporatsiyalar bilan pilot loyihalarga kirish, investorlar, mentorlik dasturlari va biznes missiyalargacha. Ayniqsa, pilot loyihalarni real tijoriy shartnomalarga aylantirish va mahalliy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Janubi-Sharqiy Osiyoda habni ishga tushirish — bu Markaziy Osiyo startaplarini globallashtirish strategiyamizning mantiqiy davomi. Avvalroq Dubay va Shanxayda hamkorlikda hablar ochilgan edi, yangi hab esa xalqaro ishtirokni kengaytirishdagi navbatdagi qadam bo‘ladi. Biz shunchaki mavjudlik nuqtasini emas, balki dunyodagi eng dinamik texnologik bozorlardan biriga chiqish uchun to‘liq infratuzilma yaratmoqdamiz. Bu startaplarimizga yangi mijozlar, hamkorlar va investitsiyalarga kirish imkonini beradi hamda mintaqaning global innovatsion ekotizimga integratsiyasini kuchaytiradi”, — dedi Astana Hub boshqaruvchi direktori Tanat Uskembayev.
Rejalashtirilishicha, IT Park Uzbekistan va Astana Hub habga tayyor mahsulotlarga va yuqori masshtablash salohiyatiga ega bo‘lgan yetuk startaplarni yo‘naltiradi. Ekspansiyani qo‘llab-quvvatlash bilan birga, tashabbus innovatsiyalarning ikki tomonlama oqimini rivojlantirishga qaratilgan: Janubi-Sharqiy Osiyodan startaplarni Qozog‘iston va O‘zbekistonga jalb qilish, qo‘shma R&D loyihalarni yaratish va texnologiyalar transferini rag‘batlantirish.
“Big Sky Capital’da biz Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo kabi tez rivojlanayotgan bozorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda katta, hali to‘liq amalga oshirilmagan salohiyatni ko‘ryapmiz. Malayziyada ushbu habni yaratish orqali biz muhim ko‘prikni shakllantirmoqdamiz, bu esa portfel kompaniyalarimiz va mintaqaviy iste’dodlarning dunyoning eng dinamik raqamli iqtisodiyotlaridan birida kengayishiga imkon beradi. Biz mahsulotlarni bozorga chiqarish strategiyalari (go-to-market) va B2B SaaS rivojlantirishdagi tajribamizdan foydalanib, Markaziy Osiyo innovatsiyalarining Janubi-Sharqiy Osiyo ekotizimida barqaror va uzoq muddatli o‘rnini ta’minlashni maqsad qilganmiz”, — dedi Big Sky Capital boshqaruvchi hamkori Adil Nurgojin.
Memorandum tomonlarning startaplarni qo‘llab-quvvatlash, venchur kapitalni jalb qilish, IT va AI yechimlarini eksport qilish, shuningdek, qo‘shma ta’lim va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik niyatlarini mustahkamlaydi. Ushbu yo‘nalishlar doirasida IT Park Uzbekistan eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirishda davom etadi va ularning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashadi.
Kutilishicha, habning ishga tushirilishi Markaziy Osiyoni yangi texnologik yechimlar eksportchisi sifatida pozitsiyalashda muhim qadam bo‘ladi va mintaqa kompaniyalarining global maydondagi ishtirokini kuchaytiradi. Ushbu tashabbus IT Park Uzbekistan’ning texnologik ekotizimni rivojlantirish va mintaqaning xalqaro integratsiyasini ta’minlashdagi muhim drayverlardan biri sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.
2026-04-03