IT Park Uzbekistan delegatsiyasi biznes tashrifi bilan Polshaga bordi. Tashrif doirasida Varshavada Uzbekistan Global Scale & Outsourcing Conference tashkil etildi hamda Gdansk shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Polsha” Hamkorlik forumida ishtirok etildi. Tadbir sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va innovatsion texnologiyalarning iqtisodiy o‘sish hamda investitsiyalarni jalb etishdagi ahamiyatiga bag‘ishlandi. Unda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

12-iyun kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Gdanskda o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Polsha” Hamkorlik forumida qatnashdi. Forum ikki davlatning davlat tuzilmalari, biznes assotsiatsiyalari, investorlar, ta’lim muassasalari va diplomatik missiyalari vakillarini jamladi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid Agzamxo‘jayev ochib berdi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, ortib borayotgan investitsion imkoniyatlar hamda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligi haqida so‘z yuritdi. Muhokamalarda hududiy hokimiyat organlari, biznes assotsiatsiyalari va savdo-sanoat palatalari vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida IT Park Uzbekistan O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda IT-biznes va autsorsingni rivojlantirish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida taqdim etdi. Ishtirokchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining jadal rivojlanishi, biznes yuritish sharoitlari, investorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari va xalqaro kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Forum yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va O‘zbekiston hamda Polsha vakillari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Shuningdek, Grid Dynamics va Unified Analytics AS xalqaro kompaniyalari bilan autsorsing masalalari hamda IT Park Uzbekistan ekotizimi orqali faoliyatni kengaytirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan muzokaralarga alohida e’tibor qaratildi.

Asosiy voqea sifatida 16-iyun kuni IT Park Uzbekistan tomonidan Uzbekistan Global Scale & Outsourcing Conference tashkil etildi. Tadbir Polsha kompaniyalarini O‘zbekistonning tez sur’atlarda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari va biznes xizmatlari ekotizimi bilan tanishtirish, shuningdek, mamlakatning autsorsing va biznes jarayonlarini joylashtirish loyihalari uchun strategik yo‘nalish sifatidagi salohiyatini namoyish etishga qaratildi.
Konferensiyada 70 dan ortiq kompaniyadan 80 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida Groupe Berto, Raya CX, MicroStrategy, Nutanix, Grafton Recruitment va yangi bozorlarga chiqish hamda biznesini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan boshqa xalqaro tashkilotlar ham ishtirok etdi.

Gdanskdagi “O‘zbekiston – Polsha” Hamkorlik forumida boshlangan muloqotni davom ettirar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid Agzamxo‘jayev konferensiyada ham tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, raqamli sohadagi hamkorlik ikki tomonlama sheriklikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Shuningdek, Digital Poland Association dastur direktori Dominik Dobek ham tabrik so‘zi bilan chiqib, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi raqamli hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
IT Park Uzbekistan’ning IT-autsorsingni rivojlantirish yo‘nalishi rahbari Sarvar Vohidov O‘zbekistonning eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar va autsorsing operatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro markaz sifatidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. Avvalgi tadbirlardan farqli ravishda, bu safar mamlakatning kadrlar salohiyati, demografik va iqtisodiy imkoniyatlari hamda IT Park Uzbekistan ekotizimining kengaytirilgan imkoniyatlari haqida yangi ma’lumotlar taqdim etildi.

Ishtirokchilarga IT Park rezidenti bo‘lish faqat IT-kompaniyalar uchun emas, balki BPO, HR xizmatlari, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy va biznes-autsorsing sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun ham mumkin ekani namoyish etildi. Shuningdek, IT Park Uzbekistan ekotizimining asosiy afzalliklari, jumladan, 2040-yilgacha amal qiluvchi soliq imtiyozlari, malakali kadrlar bazasiga kirish imkoniyati va Zero Risk dasturi haqida ma’lumot berildi.
Xalqaro kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda ishlash bo‘yicha amaliy tajribalari bilan ham o‘rtoqlashdi. Sigma Software Group kompaniyasining HR hamkori Anastasiya Chernikova O‘zbekistonda jamoalarni shakllantirish va kengaytirish tajribasi haqida so‘zladi. Antal Poland kompaniyasining yirik mijozlar bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi Karolina Kojenevska xarajatlarni oshirmasdan jamoalarni samarali kengaytirish yondashuvlarini taqdim etdi. Innowise Group kompaniyasining hamkorliklar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Matvey Matveyev esa xalqaro biznesni rivojlantirishda O‘zbekiston bozori afzalliklaridan foydalanish tajribasi bilan bo‘lishdi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan Groupe Berto, Raya CX, Simple SA., Smart People va Efematic kompaniyalari vakillari bilan qator B2B uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, avval ham O‘zbekistonni servis operatsiyalarini rivojlantirish maydoni sifatida ko‘rib chiqqan Raya CX kompaniyasi mamlakat ekotizimi va mintaqadagi faoliyatini kengaytirish istiqbollarini chuqurroq o‘rganish maqsadida Global Business Services Forum’da ishtirok etish rejalarini tasdiqladi. Uchrashuvlar davomida tomonlar IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik, yangi loyihalarni ishga tushirish, servis markazlarini rivojlantirish hamda xalqaro bozorlarga chiqishda ekotizim afzalliklaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Polshada o‘tkazilgan tadbirlardagi ishtirok IT Park Uzbekistan’ga mamlakatning afzalliklarini ehtimoliy investorlar va ish beruvchilarga bevosita taqdim etish, O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqayotgan xalqaro kompaniyalar doirasini kengaytirish hamda mamlakatning raqamli xizmatlar eksporti va IT-autsorsingni rivojlantirish bo‘yicha mintaqadagi eng jozibador yo‘nalishlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini berdi.
2026-06-18