IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi doirasida Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi Yuqori texnologiyalar parki bilan hamkorlikda “Digital Uzbekistan in Bishkek” biznes missiyasi tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston IT-kompaniyalarining Qirg‘iziston bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish hamda ikki mamlakat texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Biznes missiya doirasida IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Lazizbek Xudayev va Qirg‘iz Respublikasi Yuqori texnologiyalar parki vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish hamda ikki mamlakat texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Tadbirda O‘zbekistonning UZINFOCOM, GROWZ, Mirasoft, Sino AI, Realsoft, DataGaze, ProData va IT Progress Software kompaniyalari ishtirok etib, o‘z texnologik mahsulot va yechimlarini Qirg‘iziston biznes vakillariga taqdim etdi.
B2B uchrashuvlar davomida O‘zbekiston kompaniyalarining Qirg‘iziston bozoriga kirishi, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishi, texnologik yechimlarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Biznes missiya yakunida IT Park Uzbekistan va ORDO Startup Studio o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjat startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish hamda ikki ekotizim o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Robosell va BITO kompaniyalari Qirg‘izistonning NUMBA ONE integratori bilan hamkorlik kelishuvlarini imzoladi. Kelishuvlar tomonlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston kompaniyalarining texnologik yechimlarini Qirg‘iziston bozorida ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
“Digital Uzbekistan in Bishkek” biznes missiyasi O‘zbekiston va Qirg‘iziston texnologik ekotizimlari vakillarini bir maydonda birlashtirib, kompaniyalar o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirish, o‘zbek IT-yechimlarini Qirg‘iziston bozoriga taqdim etish va eksport yo‘nalishlarini kengaytirish uchun platforma bo‘ldi.
2026-09-11