22–23-may kunlari Toshkent shahrida “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli (Big Data) ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi. Konferensiyaning birinchi kuni Yoshlar ijod saroyida, ikkinchi kuni esa IT Park Uzbekistan majmuasida davom ettirildi.
Konferensiya davlat auditi, raqamli transformatsiya, Big Data va sun’iy intellekt texnologiyalarining audit tizimlarida qo‘llanishiga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston bilan bir qatorda Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Chexiya, Latviya, Armaniston, Qirg‘iziston, Misr, Vengriya va boshqa davlatlarning audit organlari, xalqaro tashkilotlar hamda texnologik ekspertlari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni IT Park Uzbekistan’da GovTech ko‘rgazmasi namoyishi bilan boshlandi. Unda davlat boshqaruvi va aholiga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan zamonaviy IT-platformalar, elektron hukumat xizmatlari va innovatsion texnologik yechimlar taqdim qilindi.
Anjumanni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, IT kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, joriy etilgan imtiyozlar, IT sohasidagi ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston IT Park rezidenti sifatida yuritib, yaratilgan imtiyozlardan foydalangan holda IT xizmatlar eksporti hajmini keskin oshirilayotganligi haqida so‘z yuritdi.

Xitoy milliy audit idorasi bosh auditor o‘rinbosari Ma Venhuey o‘z nutqida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, Big Data bugungi kunda nafaqat davlat boshqaruviga yondashuvlarni o‘zgartirayotgani, balki davlat auditining yangi kelajagini ham shakllantirayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir doirasida ikkita parallel sessiya tashkil etildi. Birinchi sessiya “Axborot texnologiyalari auditi: raqamli muhitda axborot tizimlarini baholash, risklarni boshqarish va nazorat mexanizmlari” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda davlat tashkilotlarida IT-audit muammolari, raqamli loyiha kafolati, bank tizimlarida audit, AI asosidagi audit mexanizmlari va davlat boshqaruvining raqamli transformatsiyasi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Sessiyada KPMG, Turin Politexnika universiteti, Webster University hamda Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti vakillari ishtirok etdi.

Ikkinchi sessiyada esa davlat auditida katta hajmdagi ma’lumotlarni intellektual tahlil qilishdagi muammolar va innovatsion yechimlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar mashinali o‘qitish algoritmlari samaradorligi, masofaviy audit tizimlari, Geo-AI, davlat aktivlaridagi firibgarlik xavflarini aniqlash va O‘zbekistonning 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, ASOSAI va INTOSAIga a’zo davlatlar vakillari o‘z milliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Xitoy, Armaniston, Vengriya, Chexiya, Ozarbayjon, Latviya va Turkiya vakillari davlat auditida Big Data, avtomatlashtirish va raqamli transformatsiya bo‘yicha amaliy keyslar taqdim etdi. Xususan, Vengriya vakillari bir kechada 164 mingdan ortiq sahifadan iborat skanerlangan hujjatlarni qayta ishlash tajribasini namoyish etdi.

Konferensiya doirasida madaniy va netvorking tadbirlari ham tashkil qilindi. Mehmonlar Hisob palatasining Masofaviy nazorat markazi faoliyati bilan tanishdi, Toshkentdagi tarixiy va zamonaviy maskanlarga sayohat uyushtirildi hamda “Audit va sport birligi” shiori ostida sport musobaqalari o‘tkazildi.
Mazkur xalqaro konferensiya O‘zbekistonda davlat auditini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va Big Data texnologiyalarini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim platformalardan biri sifatida baholandi.
2026-05-23