IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Gonkongning HSITP texnoparki bilan hamkorlikni muhokama qildi

14-iyul kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Gonkongga amaliy tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov bosh direktori Vinsent Ma boshchiligidagi Hong Kong Shenzhen Innovation and Technology Park (HSITP) rahbariyati bilan uchrashdi. Tashrif dasturidan Visitor Centre’ga tashrif buyurish, mutaxassislar uchun turar-joy infratuzilmasi bilan tanishish, shuningdek, xalqaro texnologik kompaniyalar uchun IT Park Uzbekistan imkoniyatlari taqdimoti o‘rin oldi. 

Uchrashuv davomida delegatsiya HSITP infratuzilmasi bilan tanishdi va O‘zbekistonning raqamli ekotizimini taqdim etib, mamlakatning texnologiyalar, innovatsiyalar va xalqaro biznesni rivojlantirish uchun mintaqaviy markaz sifatidagi istiqbollarini ta’kidladi. 

HSITP vakillari Lok Ma Chau Loop hududida jahon darajasidagi innovatsion ekotizim yaratish konsepsiyasi haqida so‘zlab berishdi. "Bir mamlakat - ikki tizim" tamoyili doirasida amalga oshirilayotgan loyiha innovatsiya hamda texnologiyalar sohasida 100 mingdan ortiq mutaxassisga mo‘ljallangan. Uning hududida tadqiqot markazlari, laboratoriyalar, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlari, sun’iy intellekt infratuzilmasi, ofis maydonlari va turar-joy majmualari joylashadi. 

Kompaniyalarni jalb qilish mexanizmiga alohida e’tibor qaratildi. HSITPda yer uchastkalari, birinchi navbatda, takliflarning qiymati emas, balki biznes loyihalarining sifati va ularning innovatsion qiymatini hisobga olgan holda taqsimlanadi. Arizalarni ko‘rib chiqishda baholashning 70% i biznes-reja va loyihaning texnologik qismiga, 30% i esa tijorat taklifiga to‘g‘ri keladi. Bunday model sun’iy intellekt, robototexnika, hayot haqidagi fanlar, mikroelektronika va boshqa ilg‘or sohalarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiyotning texnologik o‘zgarishiga hissa qo‘shadi. 

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri startap ekotizimini rivojlantirish bo‘ldi. HSITP rahbariyati istiqbolli texnologik kompaniyalarga biznes ulushini o‘tkazmasdan bepul ishtirok etish imkoniyatini beruvchi inkubatsiya dasturini taqdim etdi. Dastur ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro miqyosda kengaytirish va sohadagi yetakchi hamkorlar bilan hamkorlik qilishga qaratilgan. 

Tomonlar o‘zbek startaplarining Gonkong innovatsion ekotizimiga integratsiyalashuvi, ularning venchur fondlari va investorlar bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish, shuningdek, Xitoy texnologik kompaniyalarining O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishi uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratdilar. Sun’iy intellekt, robototexnika, biotexnologiya, mikroelektronika, ilg‘or ishlab chiqarish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. 

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari HSITPning transchegaraviy innovatsion platforma sifatidagi strategik rolini, Gonkongni dunyodagi eng yirik texnologik klasterlardan biri bo‘lgan, 86 millionga yaqin aholiga ega Greater Bay Area hududi bilan bog‘lash masalasini muhokama qildilar. Bunday model xalqaro kompaniyalarga Gonkongning global ishbilarmonlik muhiti afzalliklarini saqlab qolgan holda materik Xitoy bozoriga samarali kirishni ta’minlaydi. 

Muzokaralar yakunida tomonlar startaplar uchun almashinuv dasturlari, biznes missiyalari va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, investorlar bilan aloqalarni kengaytirish, tematik seminarlar o‘tkazish, shuningdek, HSITP vakillarining ICT Week Uzbekistan’da ishtirok etishi orqali hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. 

2026-07-14