28-iyul kuni IT Park Uzbekistan Bosh direktori o‘rinbosari Jahongir Kagirov hamda Jasur Jafarov Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan Xitoyning “Silk Road Intellect” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu Jizzaxda AQSh bozori bilan ishlaydigan birinchi logistika kompaniyasi.
“Silk Road Intellect” IT Park rezidenti sifatida turli platformalar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish, loyihalash va sotish, shuningdek, multimedia va dizayn yo‘nalishlarida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya veb-saytlar, avtomatlashtirilgan tizimlar, mobil ilovalar, korporativ buxgalteriya tizimlari hamda sun’iy intellektga asoslangan aqlli yechimlarni ishlab chiqadi. Bundan tashqari, veb-dizayn, grafik dizayn, 3D-grafika, UX/UI va multimedia xizmatlarini taqdim etadi.
IT Park Uzbekistan direktorining o‘rinbosari Jahongir Kagirov boshchiligidagi delegatsiyaning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida raqamli iqtisodiyot va IT-ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida IT Park rezidenti DMGB LOG SERVICE kompaniyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Korxona BPO (Business Process Outsourcing) yo‘nalishida faoliyat yuritib, AQSH bozoriga logistika va dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatadi. Hozirda kompaniyada 26 nafar mutaxassis ishlamoqda, kelgusida esa 100 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, delegatsiya IT Park rezidenti Silk Road Intellect kompaniyasiga tashrif buyurib, korxonaning faoliyati va rivojlanish istiqbollari bilan tanishdi. Kompaniya sun’iy intellektga asoslangan yechimlar, veb va mobil ilovalar hamda korporativ dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda Silk Road Intellect Tayvan bozoriga IT xizmatlarini eksport qilish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda, bu esa Jizzax viloyatining xalqaro IT xizmatlari eksportidagi salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif Jizzax viloyatida IT infratuzilmasini rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir muhim bosqichi bo‘ldi.
2026-07-29