IT Park Uzbekistan Fransiya va boshqa Yevropa kompaniyalariga O‘zbekiston texnologik ekotizimi imkoniyatlarini taqdim etdi

Parij shahrida Fransiya va Yevropa texnologiya hamda biznes hamjamiyati vakillari bilan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasida tashkil etilib, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi texnologik va ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir G‘aniyev, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, Fransiyaning raqamli masalalar va sun’iy intellekt bo‘yicha elchisi Adrien Abécassis kirish so‘zlari bilan ochib berdi.

Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan vakili xalqaro kompaniyalar uchun O‘zbekiston texnologik ekotizimi taqdim etayotgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazdi.

Ishtirokchilarga mamlakatning kadrlar salohiyati, texnologik biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar hamda IT Park Uzbekistan ekotizimi doirasida xalqaro kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekistonda faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, mutaxassislarni jalb etish, biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda IT-soha kompaniyalari uchun mavjud sharoitlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda Fransiya va Yevropa texnologiya hamda biznes hamjamiyati vakillari, jumladan, Eutelsat, Dassault Systèmes, Expertise France, Numeum, Skynopy, Hyperplan, BlueKobalt Infrastructure, Heartland Capital, Wilco, IFP Training, Naulum Solutions, shuningdek, Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar Fransiya va Yevropa texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekiston bozoriga chiqish imkoniyatlari hamda mahalliy IT-ekotizim bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Fransiya-O‘zbekiston iqtisodiy palatasi tadbir hamkori sifatida ishtirok etib, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi. 

2026-09-12