IT Park Uzbekistan GIZ loyihalari vakillariga O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish tajribasini taqdim etdi

13-oktabr kuni Toshkent shahrida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit, GIZ) tomonidan Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonga yashil iqtisodiyotga inklyuziv o‘tish va barqaror rivojlanish tajribalarini o‘rganishga bag‘ishlangan Inclusive Green Transition in Central Asia dasturi doirasida tashrif buyurdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan ishtirokida tashkil etildi. Unda mamlakatning raqamli transformatsiya borasidagi tajribasi, IT-sanoatni rivojlantirish, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

Raqamlashtirish sohasida xalqaro tajriba almashinuvi

Xalqaro delegatsiya tarkibidan Qirg‘iziston, Gruziya, Armaniston, Moldova, Serbiya, Kosovo, Ozarbayjon va O‘zbekistonda GIZ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar vakillari o‘rin oldi. Ularning faoliyati yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, kasbiy ta’lim, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, bandlikka ko‘maklashish va barqaror iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

2026-yil 13–15-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan tanishuv dasturi xalqaro tajriba almashish, iqtisodiy transformatsiya, kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish hamda mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlarni o‘rganishni nazarda tutadi.

Tashrifning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish tajribasi bo‘ldi. Xususan, IT-biznes uchun qulay muhit yaratish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

IT Park Uzbekistan imkoniyatlari va texnologik ekotizim rivoji

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan faoliyati, milliy IT-ekotizimni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari taqdim etildi.

Dasturning alohida qismi Enterprise Uzbekistan tashabbusiga bag‘ishlandi. Xalqaro mehmonlar uning faoliyati va mamlakat texnologik sektorini rivojlantirishdagi ahamiyati bilan tanishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar UZINFOCOM tashkilotiga tashrif buyurib, uning raqamli texnologiyalar sohasidagi faoliyati haqida ma’lumot oldi.

Xalqaro hamkorlik istiqbollari

Uchrashuv O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashish, texnologik sektorni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan yondashuvlarni muhokama qilish uchun imkoniyat yaratdi.

Bunday tashabbuslarda raqamli transformatsiya, kasbiy ta’lim va barqaror iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonning IT-ekotizimni shakllantirish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi tajribasi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va mutaxassislar malakasini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan GIZ loyihalari vakillari uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

IT Park Uzbekistan’ning Inclusive Green Transition in Central Asia dasturidagi ishtiroki xalqaro professional muloqotni kengaytirish, O‘zbekistonning texnologik salohiyatini namoyish etish hamda raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasida tajriba almashishga xizmat qiladi.

 

2026-10-15