IT Park Uzbekistan Gonkongdagi texnologik va ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

IT Park Uzbekistan’ning Belt and Road Summit 2026 doirasidagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston IT ekotizimini targ‘ib qilish hamda texnologik kompaniyalar va startaplarning Gonkong va Osiyo bozorlariga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish uchun muhim maydonga aylandi.

Belt and Road Summit 2026 doirasida IT Park Uzbekistan vakillari yetakchi texnologik, innovatsion va ta’lim tashkilotlari, shuningdek, xalqaro biznes vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar olib borilgan hamkorlar qatorida Hong Kong Trade Development Council (HKTDC), Hong Kong Science and Technology Parks Corporation (HKSTP), Hong Kong Cyberport, Hong Kong-Shenzhen Innovation and Technology Park (HSITP), The University of Hong Kong (HKU) va Hong Kong University of Science and Technology (HKUST), shuningdek, boshqa kompaniya va tashkilotlar ham bor.

Forum doirasida IT Park Uzbekistan O‘zbekiston IT ekotizimining imkoniyatlarini taqdim etdi, yangi biznes aloqalarini o‘rnatdi hamda xalqaro hamkorlar bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Sammitda ta’kidlanganidek, mamlakat IT xizmatlari eksporti 1 milliard AQSh dollaridan oshdi va 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, “O‘zbekiston — Gonkong” raqamli hamkorlik platformasini yaratish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Shanxayda tashkil etilgan Sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti ta’sischilaridan biriga aylangani, shuningdek, Raqamli Ipak yo‘li va Markaziy Osiyoning raqamli rivojlanishiga hissa qo‘shish masalalari muhokama qilindi.

HKTDC: Osiyo bozorlariga chiqish uchun yangi imkoniyatlar

Muhim uchrashuvlardan biri Hong Kong Trade Development Council (HKTDC) bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Tomonlar IT Park Uzbekistan va O‘zbekistonning texnologik kompaniyalarining HKTDC xalqaro tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlari, shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Alohida e’tibor texnologik kompaniyalar, innovatsion jamoalar, investorlar va biznes vakillarini birlashtiruvchi xalqaro platforma — InnoEXga qaratildi. Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan va O‘zbekiston kompaniyalarining ushbu tadbirda ishtirok etish imkoniyati muhokama qilindi.

Bunday xalqaro platformalarda ishtirok etish O‘zbekistonning texnologik kompaniyalariga o‘z yechimlarini taqdim etish, potensial hamkorlarni topish va Osiyo bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish imkonini beradi.

HKSTP: startaplar uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirish

Hong Kong Science and Technology Parks Corporation (HKSTP) bilan IT Park Uzbekistan 2026-yil iyul oyida Gonkongga tashrif davomida imzolangan Anglashuv memorandumi (MoU) doirasidagi hamkorlikni davom ettirdi.

Tomonlar HKSTP startaplarining ICT WEEK Uzbekistan 2026da ishtirok etish imkoniyatlari, shuningdek, Gonkong texnologik kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga chiqish istiqbollarini muhokama qildi.

Cyberport: texnologik kompaniyalarning ikki tomonlama bozorga chiqishi

Hong Kong Cyberport bilan uchrashuvda texnologik kompaniyalar va startaplarning O‘zbekiston va Gonkong bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, Gonkong kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish hamda ikki mamlakat kompaniyalari uchun o‘zaro soft-landing mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston startaplari va IT Park Uzbekistan vakillari Cyberport tomonidan tashkil etiladigan CVCP Forumda ishtirok etishga taklif qilindi.

HSITP: transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish

Hong Kong-Shenzhen Innovation and Technology Park (HSITP) bilan uchrashuv 2026-yil iyul oyida imzolangan MoU doirasidagi hamkorlikning davomi bo‘ldi.

Tomonlar startaplar va texnologik kompaniyalarni rivojlantirish, texnologiyalarni tijoratlashtirish, investitsiyaviy hamkorlik va transchegaraviy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, HSITP va uning kompaniyalarining ICT WEEK Uzbekistan 2026da ishtirok etish hamda o‘zaro soft-landing mexanizmlarini yanada rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

HKU: startaplar va ta’lim sohasidagi hamkorlik

The University of Hong Kong (HKU) bilan uchrashuvda startaplar, ta’lim va tajriba almashinuvi sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Alohida e’tibor qo‘shma vebinarlar o‘tkazish, O‘zbekiston startaplarining xalqaro dasturlarda ishtirok etishi va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishga qaratildi. Shuningdek, HKU, IT Park Uzbekistan, O‘zbekiston universitetlari va startaplari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

HKUST: startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashinuvi

Hong Kong University of Science and Technology (HKUST) bilan uchrashuvda startaplarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekistonni startaplarni rivojlantirish uchun istiqbolli maydon sifatida ta’kidlab, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan startaplarni 22 ta venchur fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyati mavjudligini qayd etdi. Keyingi qadam sifatida tomonlar tegishli startap dasturlari haqida ma’lumot almashishga kelishib oldi.

Shuningdek, HKUST vakillari IT Park Uzbekistan’ni Gonkongda bo‘lib o‘tadigan Unicorn Day tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.

Forumdagi ishtirokdan yangi imkoniyatlargacha

IT Park Uzbekistan’ning Belt and Road Summit 2026dagi ishtiroki O‘zbekiston IT ekotizimining salohiyatini xalqaro texnologik va biznes hamjamiyatiga taqdim etish, shuningdek, Gonkongdagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkonini berdi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston startaplari va texnologik kompaniyalarining xalqaro miqyosda rivojlanishi, xalqaro tadbirlar va dasturlarda ishtirok etishi, hamkorlar topishi hamda yangi bozorlarga chiqishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Gonkongning yetakchi tashkilotlari bilan hamkorlikni davom ettirish IT Park Uzbekistan’ning xalqaro aloqalarini mustahkamlaydi va O‘zbekiston IT ekotizimining Osiyoning texnologik hamda biznes makoniga integratsiyalashuvi uchun yangi kanallarni yaratadi. 

2026-09-12