IT Park Uzbekistan hududlar va xalqaro biznes uchun yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirmoqda

Hududlarning investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar doirasida IT Park Uzbekistan 26-iyul kuni hududlarni ilgari surish, xalqaro kompaniyalarni jalb qilish va eksport hajmini oshirishga bag‘ishlangan maxsus trening tashkil etdi. Mashg‘ulotlarni IT Park Uzbekistan’ning AQShdagi vakili Russ Yapparov olib bordi. Treningda hududiy filiallar xodimlari, asosan, ularning rahbarlari qatnashdi.

Dastur hududiy jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan dastlabki so‘rovnoma natijalarini hisobga olgan holda ishlab chiqildi. Maqsadli mijoz portretini shakllantirish va hududlarni raqobatchi mamlakatlar orasida farqlab ko‘rsatish eng dolzarb yo‘nalishlar bo‘ldi – buni respondentlarning 77 foizi qayd etgan. Ishtirokchilarning yana 69 foizi e’tirozlar bilan ishlash va bitimlarni yakunlash usullarini alohida ta’kidladi. Trening aynan mana shu amaliy jihatlarga qaratildi.

Rass Yapparov ishtirokchilarga bozorni tahlil qilish, potensial mijoz portretini aniqlash, barqaror savdo voronkasini yaratish, e’tirozlar bilan ishlash va bitimlar tuzish bo‘yicha amaliy vositalarni taqdim etdi. Hududlarning raqobatdosh ustunliklari, kadrlar salohiyati, infratuzilmasi va biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlarni samarali taqdim etishga alohida e’tibor qaratildi.

Trening interaktiv mashqlar, jamoaviy ishlar, amaliy keyslarni tahlil qilish va ishbilarmonlik vaziyatlarini modellashtirishni o‘z ichiga oldi. Bunday format ishtirokchilarga olingan bilimlarni amalda qo‘llash, tajriba almashish va potensial hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishning yangi yondashuvlarini shakllantirish imkonini berdi.

Hududlarni ilgari surishda natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni rivojlantirish, hududiy filiallar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston hududlarini IT-kompaniyalar, autsorsing biznesi hamda investorlar uchun istiqbolli maydon sifatida tanitishga alohida e’tibor qaratildi.

Har bir ishtirokchi hudud uchun individual maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilab olish treningning asosiy natijasi bo‘ldi. Hududiy filiallar vakillari o‘z hududlariga jalb qilishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) belgiladilar.

Kelgusi 90 kun davomida Rass Yapparov ishtirokchilarni kuzatib borishda davom etadi va hududiy jamoalarga olingan vositalarni qo‘llash, savdo strategiyalarini amalga oshirish, potensial hamkorlar bilan munosabatlar o‘rnatish hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishishda yordam beradi.

Ushbu tashabbus hududiy sotuvlarning tizimli modelini shakllantirishga, IT Park Uzbekistan filiallari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va butun mamlakat bo‘ylab xorijiy IT hamda servis kompaniyalarining faoliyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

2026-07-28