IT Park Uzbekistan ishchi tashrifi doirasida Sirdaryo viloyati IT-ekotizimini rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari belgilandi

Hududiy IT-ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida hudud texnologik sektorini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, infratuzilmani takomillashtirish, faoliyat yuritayotgan kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududiy ekotizim vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida texnologik kompaniyalar rivoji uchun qulay sharoit yaratish va Sirdaryo viloyatining mamlakat raqamli iqtisodiyotidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor choralar belgilandi.

IT-infratuzilmani rivojlantirish

Tashrifning asosiy yo‘nalishlaridan biri hududda texnologik biznesning kelgusidagi o‘sishi uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish bo‘ldi.

Guliston shahrida Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan Sirdaryo filialining yangi binosi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Ushbu bino hududdagi IT-kompaniyalar va texnologik tashabbuslarni rivojlantirish uchun asosiy maydonlardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu infratuzilmani rivojlantirish doirasida Gulistonda venchur fondlari, akseleratorlar va texnologik ekotizimning boshqa ishtirokchilarini jalb qilgan holda akseleratsiya va inkubatsiya dasturlariga ega startap-markaz tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Alohida e’tibor Yangiyer shahrida qurilayotgan IT-markazga qaratildi. Uning negizida BPO-kompaniyalar, startaplar va xorijiy texnologik kompaniyalarni joylashtirish uchun maydon yaratish rejalashtirilgan. Bu hududdagi biznes faolligini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Rezidentlar bilan ishlash va eksportni rivojlantirish

Yangi infratuzilmani rivojlantirish hududda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va ekotizim ichidagi biznes aloqalarni mustahkamlash bilan birgalikda olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida Azamat Karamatov Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda kompaniyalarning joriy faoliyati, keyingi rivojlanish rejalari, faoliyat ko‘lamini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi IT Park Uzbekistan rezidentlari ishtirokida alohida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv kompaniyalar o‘rtasida B2B-hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va yangi biznes sherikliklarini shakllantirishga qaratildi.

Hududiy rezidentlarning xalqaro rivojlanishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Meridian Solutions BPO-kompaniyasi uchun xizmatlar geografiyasi va eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida xorijiy biznes-missiyalar hamda IT Park Uzbekistan xalqaro dasturlarida ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Humo Voices kompaniyasi bilan esa uning faoliyatini yanada rivojlantirish va kengaytirishda foydalanish mumkin bo‘lgan mavjud qo‘llab-quvvatlash vositalari muhokama qilindi.

Kelgusida hududiy rezidentlarni IT Park Uzbekistan’ning xalqaro tadbirlari, biznes-missiyalari va xorijdagi tashabbuslariga yanada faol jalb etish, shu orqali kompaniyalar uchun yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Xalqaro kompaniyalar uchun kadrlar tayyorlash

Kompaniyalar sonining ortishi va ular faoliyatining kengayishi malakali mutaxassislar mavjudligi bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli tashrifning alohida yo‘nalishlaridan biri biznesning real ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi.

Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan xalqaro Canaan CX kompaniyasi bilan kadrlar ehtiyoji hamda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mazkur yo‘nalish doirasida Azamat Karamatov Academy EAB-IT o‘quv markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Markaz Data Analytics va boshqa yo‘nalishlarda ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Yoshlarning talab yuqori bo‘lgan raqamli ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ta’lim muassasalari va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hududiy startaplarni qo‘llab-quvvatlash

Hududiy ekotizimni rivojlantirishning yana bir muhim yo‘nalishi mahalliy texnologik loyihalarning paydo bo‘lishi va kengayishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Azamat Karamatov Sirdaryo viloyatidagi bir qator startaplar faoliyati bilan tanishib, ularni keyingi bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildi.

Barakami startapi uchun texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan milliy dastur va tashabbuslarda ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. MedMapp startapi bilan esa xorijiy bozorlarga chiqish, xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va loyihani IT Park Uzbekistan’ning xalqaro tarmog‘i orqali ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Kelgusida hududiy startaplarni ularning rivojlanish bosqichi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, akseleratsiya dasturlari, xalqaro tashabbuslar va boshqa qo‘llab-quvvatlash vositalariga yanada faol jalb etish rejalashtirilgan.

Keyingi qadamlar

Ishchi tashrif yakunida IT Park Uzbekistan’ning Sirdaryo viloyatidagi keyingi faoliyati bo‘yicha kompleks yo‘nalishlar shakllantirildi. Ular zamonaviy IT-infratuzilmani rivojlantirish, yangi mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, eksportni kengaytirish, kadrlar tayyorlash, B2B-aloqalarni mustahkamlash va istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi.

Asosiy vazifa hududda infratuzilma, biznes, ta’lim va startaplar o‘zaro bog‘liq holda rivojlanadigan, yangi kompaniyalar, malakali ish o‘rinlari va eksportga yo‘naltirilgan texnologik loyihalar paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratadigan yaxlit IT-ekotizimni shakllantirishdan iborat.

Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan ishlar IT Park Uzbekistan’ning keng qamrovli hududiy rivojlanish dasturining bir qismidir. Hududlarning ixtisoslashuvi, kadrlar va iqtisodiy salohiyati hamda raqobat ustunliklarini hisobga olgan holda ushbu yondashuv mamlakatning boshqa hududlarida ham izchil qo‘llaniladi. Bu texnologik biznes geografiyasini kengaytirish va hududlarni O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotiga yanada faol jalb etishga xizmat qiladi.

2026-09-18