IT Park Uzbekistan IT-kompaniyalarning Tojikiston bozoriga chiqishi bo‘yicha vorkshop o‘tkazdi

IT Park Uzbekistan autsorsing xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar va IT-mahsulotlar ishlab chiquvchilari uchun Tojikiston bozoriga chiqishga bag‘ishlangan vorkshop tashkil etdi. Ishtirokchilar biznesni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar, mahalliy bozorning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandilar hamda mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning real keyslarini tahlil qildilar.

Tadbir doirasida mutaxassislar Tojikiston bozoriga chiqishning bosqichma-bosqich yondashuvini taqdim etdilar. Asosiy e’tibor bozorga chiqish strategiyasini ishlab chiqish, hamkorlik tarmog‘ini qurish, mahalliy qonunchilik talablari, shuningdek, biznes yuritish va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish xususiyatlariga qaratildi.

Tojikiston bozorida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan tadbirkorlarning chiqishlari vorkshopning amaliy qismi bo‘ldi. “Launch Lab” asoschisi Nikolay Serkutan yangi bozorlarga chiqishda tizimli yondashuv va biznes-gipotezalarni sinovdan o‘tkazish uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish haqida so‘zlab berdi. Tojikiston va Markaziy Yevroosiyoda to‘qqiz yildan ortiq tajribaga ega “WYZO” asoschisi Abror Xolov bozorga chiqishning hamkorlik modelini taqdim etib, huquqiy xususiyatlar va asosiy risklar to‘g‘risida gapirdi. “ShamCRM” asoschisi Mahmudjon Ahmedov g‘oyadan tortib dastlabki mijozlargacha bo‘lgan yo‘l, shuningdek, biznesni kengaytirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar va olingan saboqlar haqida so‘zlab, kompaniyaning Tojikistondagi rivojlanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari startaplarni rivojlantirish, IT-kompaniyalarning xalqaro ekspansiyasi va ularni xorijiy bozorlarda kengaytirishga qaratilgan mavjud qo‘llab-quvvatlash dasturlari, shuningdek, yangi bozorlarga chiqishda biznesni kuzatib borishning mavjud vositalari haqida ma’lumot berdilar.

Tadbir ochiq savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi. Uning davomida ishtirokchilar o‘z kompaniyalarining vazifalarini ekspertlar bilan muhokama qilish hamda mintaqadagi real ish tajribasiga asoslangan amaliy tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bunday vorkshoplarni o‘tkazish IT Park Uzbekistan’ning o‘z a’zolari eksport salohiyatini rivojlantirish borasidagi faoliyatining bir qismidir. Bu kabi tadbirlar kompaniyalarga xorijiy bozorlarning o‘ziga xos jihatlarini yaxshiroq tushunish, xalqaro ekspansiya chog‘idagi risklarni kamaytirish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznesni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar topishga yordam beradi.

 

2026-07-27