Gonkongga rasmiy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov "Roselake Ventures" bosh hamkori Linsyuy Chjan bilan uchrashuv o‘tkazdi, uning yakunida IT Park Uzbekistan, "IT Park Ventures" va "Roselake Ventures" o‘rtasida uch tomonlama Anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjat O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida venchur investitsiyalari sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Memorandum investitsiya bitimlarini almashish mexanizmini yaratish, qo‘shma investitsiyalar uchun imkoniyatlarni rivojlantirish, shuningdek, portfel startaplarining har ikki mamlakat bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, tomonlar o‘zlarining xalqaro tarmoqlaridan startaplar, investorlar, strategik hamkorlar va innovatsion ekotizimlarning asosiy ishtirokchilari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish uchun foydalanadilar.
Imzolangan kelishuv TakeOFF Istanbul doirasida boshlangan muzokaralarning davomi bo‘ldi. Hamkorlik doirasida Roselake Ventures o‘zbek startaplarining xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashadi, IT Park Uzbekistan esa, o‘z navbatida, fond portfelidagi kompaniyalarga Soft Landing dasturi orqali O‘zbekiston bozoriga kirishda, jumladan, biznesni mahalliylashtirish, hamkorlar topish hamda ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda har tomonlama yordam ko‘rsatadi.

2021-yilda tashkil etilgan va Gonkongda joylashgan Roselake Ventures rivojlanayotgan bozorlardagi texnologik startaplarga sarmoya kiritadigan dastlabki bosqichdagi venchur fondidir. Jamg‘arma fintech, SaaS, elektron tijorat, logistika, sog‘liqni saqlash, iqlim texnologiyalari va boshqa innovatsion sohalardagi loyihalarga ixtisoslashgan, shuningdek, startap ekotizimlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Memorandumning imzolanishi IT Park Uzbekistan, IT Park Ventures va Roselake Ventures kompaniyalarining O‘zbekiston va Xitoy innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, startaplar va investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, xalqaro texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish istagini tasdiqlaydi.
2026-07-14