Startap ekotizimini rivojlantirish — IT Park Uzbekistan’ning asosiy vazifalaridan biri. Tashkilot startaplar bilan ishlashda g‘oya yaratish, gipotezalarni sinash, muammolarga amaliy yechim topish va ushbu yechimlarni asoslab bera olish kabi yondashuvlarga alohida e’tibor qaratadi. Mazkur tamoyillar IT Park jamoasining ichki faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda departmentlarning ichki vazifalariga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish, mavjud jarayonlarni takomillashtirish va jamoada startaplar kabi fikrlash madaniyatini yanada rivojlantirish uchun korporativ Ideathon tashkil etildi.
Ideathonning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligida erishilgan yutuqlarni kengroq namoyish etish. Shu bilan birga, mamlakatning keyingi taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va yechimlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Ideathon’da 100 ga yaqin IT Park xodimi 24 ta jamoaga birlashdi. Ishtirokchilar bir necha kun davomida startaplar rivojini yanada kuchaytirish, ularning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, samarali qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shakllantirish hamda IT Park’ning ichki jarayonlarini optimallashtirishga qaratilgan g‘oyalar ustida ishladi.
Loyihalarni baholash uchun Astana Hub, CS Angels Club, IT Park Ventures vakillari hamda IT Park Uzbekistan rahbariyati taklif etildi.

Jarayon davomida har bir jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan muammoni aniqladi, tegishli gipotezalarni ishlab chiqdi, yechim konsepsiyasini shakllantirdi va uni taqdimotga tayyorladi. Shu tariqa ishtirokchilar startap yaratishda qo‘llaniladigan asosiy yondashuvlarni o‘z ish jarayonlarida ham amalda sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Har bir jamoaga o‘z loyihasini taqdim etish uchun 3 daqiqa, hakamlar hay’ati savollariga javob berish uchun esa 5 daqiqa vaqt ajratildi.
Ekspertlar ishtirokchilarning takliflarini ko‘rib chiqib, ularning amaliy ahamiyati, mavjud muammoga qanchalik samarali yechim berishi va kelgusida rivojlantirish imkoniyatlarini baholadi. Shuningdek, jamoalar o‘z loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha ekspertlardan bevosita fikr-mulohaza va tavsiyalar oldi.
Yakuniy baholash natijalariga ko‘ra, to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:
🥇 I yo‘nalish — “One Employee — One AI Company” — Nexus
🥇 II yo‘nalish — “Venchur investitsiyalar va muqobil moliyalashtirish” — Joinme
🥇 III yo‘nalish — “Startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish” —ITPMS
🥇 IV yo‘nalish — “2030-yilgacha $5 mlrdlik yangi eksport nishasi” — HELPS

Korporativ Ideathon IT Park xodimlariga kundalik vazifalarga yangi nuqtayi nazardan qarash, jamoaviy ishlash, gipotezalarni sinash va o‘z yechimlarini ekspertlar oldida himoya qilish tajribasini berdi.

Eng muhimi, tadbir doirasida ishlab chiqilgan g‘oyalar faqat taqdimot bilan cheklanib qolmasdan, kelgusida ularni IT Park jarayonlariga tatbiq etish va amaliy yechimlarga aylantirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

G‘oliblarni tabriklaymiz va ularning g‘oyalarini tashkilot jarayonlariga muvaffaqiyatli tatbiq etishda omad tilaymiz!

2026-08-15