IT Park Uzbekistan MIT huzuridagi Kuo Sharper Entrepreneurship and Prosperity Center tomonidan tashkil etilgan “Innovation in Global Growth Markets: Prosperity through Entrepreneurship” yillik konferensiyasida ishtirok etib, O‘zbekistonni jadal rivojlanayotgan texnologik ekotizim sifatida global sahnada taqdim etdi.
22–23-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekistonning xalqaro innovatsion ekotizimlarga integratsiyasining turli jihatlarini yoritdi — sun’iy intellekt bo‘yicha global muhokamalardan tortib, startaplarning AQSh bozoriga chiqishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri imkoniyatlar yaratishgacha.
Birinchi kuni Abdulahad Kuchkarov “Rewriting the Rules: Machine Learning Built by and for the World’s Majority” panel sessiyasida ishtirok etib, O‘zbekistonning inklyuziv sun’iy intellekt bo‘yicha global muhokamadagi pozitsiyasini hamda yangi texnologiyalarni shakllantirishda keng ishtirok etish muhimligini ta’kidladi.
Ikkinchi kuni IT Park Uzbekistan “Uzbekistan Unlocked: Capital, Innovation & Growth” nomli alohida tadbir o‘tkazdi va unda 110 dan ortiq konferensiya ishtirokchilari qatnashdi. MIT platformasida bo‘lib o‘tgan ushbu sessiya O‘zbekiston startap ekotizimi bilan AQShning yetakchi investorlari, korporatsiyalari va texnologik liderlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘prik vazifasini bajardi.
Tadbirning asosiy voqealaridan biri Deepen, Platma, TTLK va Minora AI kabi to‘rtta o‘zbek mahsulot kompaniyasining taqdimoti bo‘ldi. Ular o‘z yechimlarini venchur fondlar, biznes farishtalar, startap skautlari, asoschilar, integratorlar va davlat vakillaridan iborat auditoriyaga namoyish etdi. Ushbu sessiya startaplar uchun Boston va Kremniy vodiysi auditoriyasiga chiqish uchun muhim imkoniyatga aylandi.
Dastur Kuo Sharper markazi ijrochi direktori Dina H. Sherifning kirish so‘zi bilan boshlandi, shuningdek, IT Park Uzbekistan tomonidan O‘zbekiston bozorining transformatsiyasi va xalqaro kengayish imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Silkroad Innovation Hub tomonidan tashkil etilgan kross-chegaraviy innovatsiyalar sessiyasi Markaziy Osiyoni global texnologik ekotizimlar bilan bog‘layotgan platformalarning ahamiyatini ko‘rsatdi. Shuningdek, Plug and Play tomonidan o‘tkazilgan panel muhokamada o‘zbek startaplari global salohiyatga ega mahsulotlarni boshidanoq qanday yaratayotgani haqida so‘zlab berdi.
Startaplar taqdimotidan tashqari, tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar uchun raqobatbardosh ustunliklarini ham yoritdi. Jumladan, IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun nol foizli korporativ soliq stavkasi va kompaniyalarni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlovchi davlat birgalikda investitsiya dasturlari alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda ekotizim 3500 dan ortiq texnologik kompaniyani va 950 dan ziyod startapni o‘z ichiga oladi, uning umumiy qiymati $4,3 mlrd (Dealroom, 2025) deb baholanmoqda hamda u dunyoda o‘sish sur’atlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi (StartupBlink, 2025).
Dastur Venture Café Cambridge Innovation Center’da o‘tkazilgan “Uzbekistan Networking Session” bilan yakunlandi. Bostonning yetakchi innovatsion maydonlaridan birida o‘tgan ushbu uchrashuv norasmiy muhitda muloqotni davom ettirish, asoschilar, investorlar va hamkorlarni birlashtirish hamda startaplarni namoyish qilish imkonini berdi.
Mazkur konferensiyada ishtirok etish IT Park Uzbekistan’ga xalqaro hamkorlikka ochiq davlat tuzilmasi sifatidagi rolini mustahkamlash hamda mamlakatni texnologiyalar, investitsiyalar va kross-chegaraviy innovatsiyalar uchun jadal rivojlanayotgan markaz sifatida pozitsiyalash imkonini berdi.
2026-04-26