Oslo Innovation Week 2026 doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, Norvegiya biznes vakillari, innovatsion markazlar va texnologik startaplar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Asosiy e’tibor IT va BPO autsorsingini rivojlantirish, xorijiy kompaniyalarni jalb etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
O‘zbekiston va Norvegiya biznesi uchun yangi imkoniyatlar
21-oktabr kuni Osloda Uzbekistan – Norway Business Roundtable davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Norvegiyaning 15 ga yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning investitsiya muhiti, IT va BPO biznesini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar, IT Park rezidentlariga taqdim etiladigan soliq imtiyozlari hamda mamlakat hududlarida xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, SMB Norge bosh direktori Jørund H. Rytman bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. Unda B2B uchrashuvlar va qo‘shma biznes tadbirlarini tashkil etish, IT Park rezidentlari hamda Norvegiya kompaniyalari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida muloqotni davom ettirish va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya Oslo Science Park innovatsion markaziga tashrif buyurib, StartupLab Summit tadbirida qatnashdi hamda Oslo va Stokholmda faoliyat yurituvchi Epicenter innovatsion markazi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotlar davomida texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, akseleratsiya dasturlari, startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishi va innovatsion ekotizimlar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Epicenter bilan startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro aloqalarni rivojlantirishni qamrab oluvchi kelgusi hamkorlik bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishildi.
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari “AI, Technology & the Future of Food” panel sessiyasida ishtirok etdi. Unda sun’iy intellektning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va ta’minot zanjirlarini boshqarishdagi qo‘llanilishi muhokama qilindi.
Tashrif dasturidan Inventure, Atomico va nFront Ventures venchur fondlari tomonidan tashkil etilgan International VC Night 2026 tadbirida ishtirok etish ham o‘rin oldi.
Tadbir doirasida Fieldmind, Officebite.io, MinBil, Skovinen, Rud Pedersen Public Affairs va Rasulson Consulting AB vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralarda xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy startaplarning O‘zbekiston bozoriga kirishi hamda IT Park Uzbekistan imkoniyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xususan, Fieldmind bilan Jizzax viloyatida agrotexnologik yechimlarni joriy etish imkoniyatlari, konsalting kompaniyalari bilan esa Shimoliy Yevropa biznesini O‘zbekistonga jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Oslo Innovation Week 2026’dagi ishtirok IT Park Uzbekistan’ga Norvegiya ishbilarmon doiralari, xalqaro startaplar va innovatsion markazlar bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi.
Kelgusidagi faoliyat B2B hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb etish hamda IT Park Uzbekistan rezidentlarining Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi.
2026-10-26