18-may kuni Toshkentda Oʻzbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining oʻninchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir avtomobilsozlik, IT va raqamlashtirish, sanoat, taʼlim, geologiya hamda investitsiyalar sohalarida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlandi.

Yigʻilishda oʻzbek va nemis biznes doiralari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, “Oʻzavtosanoat”, Volkswagen AG, Schwarz Digits, Henkel AG & Co. KGaA, CLAAS Global Sales, Control Union Germany, telc, Ernst Klett Sprachen, AGMK, Procab, AKFA Group va “Yangi Oʻzbekiston” universiteti kabi tashkilot va kompaniyalar ishtirok etdi.

Tadbir Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Knauf Group ijrochi hamkori Ulrich Knotzerning kirish nutqlari bilan boshlandi. Ular kengashning oʻzbek va nemis tomonidagi hamraislari sifatida qatnashdi. Ochilish marosimida Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qoʻmitasi direktori Michael Harms, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Manfred Huterer hamda Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

Yigʻilishning asosiy mavzularidan biri raqamli transformatsiya va Oʻzbekiston hamda Germaniya oʻrtasidagi texnologik hamkorlikni rivojlantirish boʻldi. Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Qaramatov nutq soʻzlab, mamlakat IT-sektori rivoji va xorijiy kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda IT Park ekotizimida 3500 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda, ulardan 1000 dan ziyodi xorijiy kompaniyalardir. 250 dan ortiq kompaniya esa Yevropa kapitali ishtirokida tashkil etilgan.
Shuningdek, 2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning IT-xizmatlari eksporti 1,1 milliard dollardan oshgani, IT-eksportning qariyb chorak qismi esa Yevropa mamlakatlari hissasiga toʻgʻri kelgani taʼkidlandi. IT Park allaqachon Germaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Xitoyda xalqaro ofislarini ochgan.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda venchur investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshib, 400 million AQSh dollaridan ortiq bozor shakllandi. Bugungi kunda mamlakatda 22 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv davomida “Enterprise Uzbekistan” maxsus huquqiy rejimi, xalqaro IT-kompaniyalar uchun imtiyozlar, data-markazlar va yashil energetika loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, startap va venchur ekotizimini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlarni ham muhokama qildi. IT Parkda soliq imtiyozlari, biznesni soddalashtirilgan tarzda roʻyxatdan oʻtkazish tizimi hamda eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarga bir yilgacha bepul ofis infratuzilmasini taqdim etuvchi Zero Risk dasturi amal qiladi. Bundan tashqari, mamlakatda qoʻshma texnologik loyihalarni ishga tushirish va raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
IT Park Uzbekistan’ning ishbilarmonlar kengashi yigʻilishidagi ishtiroki Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro sheriklikni rivojlantirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi. Bu esa Oʻzbekiston uchun global IT-bozordagi pozitsiyalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va texnologik sohada yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi.
2026-05-21