Toshkent shahrida Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston–Koreya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ikki mamlakat davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillarini birlashtirib, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida yangi loyihalarni muhokama qilish hamda ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirishga bag‘ishlandi.

Forumda ishtirokchilar ikki davlatning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyatini taqdim etib, sanoat, infratuzilma, texnologiyalar, transport va shaharsozlik sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Alohida e’tibor qo‘shma loyihalarni yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratildi.
Forumning ochilish qismida Oliy Majlis Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxo‘jayev, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon hamda Herald Media Group raisi Chon Von Ju tabrik so‘zlari bilan chiqish qildi.

Forumning alohida qismi raqamli iqtisodiyotga bag‘ishlandi. IT Park Uzbekistan’ning Koreyadagi vakili Nodirbek Berdiqobilov O‘zbekistonning xalqaro IT kompaniyalar uchun imkoniyatlarini taqdim etdi. Taqdimot davomida davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, soliq imtiyozlari, xorijiy mutaxassislarni jalb etish uchun soddalashtirilgan sharoitlar, shuningdek, mamlakatning jadal rivojlanayotgan raqamli infratuzilmasi afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Forum ishtirokchilariga IT Park Uzbekistan tomonidan xorijiy kompaniyalar uchun taqdim etilayotgan xizmatlar, jumladan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, xalqaro bozorlarga chiqish, kadrlar tanlash va eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘maklar haqida ham so‘zlab berildi.

O‘zbekiston–Koreya biznes forumidagi ishtirok IT Park Uzbekistan’ga Koreya biznes hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda IT-biznes yuritishning afzalliklarini namoyish etish hamda mamlakat imkoniyatlariga potensial investorlar va texnologik kompaniyalar e’tiborini jalb qilish imkonini berdi.
2026-06-17