IT Park Uzbekistan Qashqadaryo viloyati rezidentlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

29-iyul kuni IT Park Uzbekistan’ning rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Lazizbek Xudayev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi rezident korxonalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi rezidentlarning eksport faoliyatini rivojlantirish, IT xizmatlar eksporti hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. 

Uchrashuvda korxonalar vakillari o‘z amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, takliflar berdilar hamda ish jarayonida duch kelayotgan muammolarni bayon etdilar. Tomonlar rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Tadbirda Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi IT Park Uzbekistan rezidentlari – “DATAI SERVICES”, “GREAT GOAL ACADEMY”, “AMIR TECH GLOB”, “TIMII ITC CATE”, “DATA DRIVE QARSHI”, “AVANGARD CALL SOLUTIONS”,  “NNT EXPRESS INC” va boshqalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv chog‘ida rezidentlar eksport faoliyatini kengaytirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini ham taqdim etdilar. Xususan, ayrim korxonalar Afrika mamlakatlari bozorlariga chiqishni hamda AQShlik buyurtmachilar uchun “Data Analytics” sohasidagi xizmatlar yo‘nalishini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Tashriflar davomida amalga oshirilayotgan loyihalar, korxonalar uchun yaratilgan sharoitlar, joriy natijalar va faoliyatni yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi. Rezidentlarning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlarga, jumladan, xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha “Go-to-Market” sessiyalari, eksportga yo‘naltirilgan IT-korxonalarning o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Zero Risk Incentives” dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu ishchi tashrif IT Park Uzbekistan’ning mintaqaviy IT-ekotizimni rivojlantirish borasidagi tizimli faoliyatining bir qismi bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar rezidentlar bilan bevosita aloqalarni mustahkamlashga, dolzarb masalalarni o‘z vaqtida aniqlashga va hududlarda eksportga yo‘naltirilgan IT-biznesning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.

2026-08-05