IT Park Uzbekistan vakillari “E-LINE PRESS”, “LEGALMAX CENTRAL ASIA”, “FINANCIAL CHAIN CORPORATION” va “IONE” rezidentlari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida kompaniyalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari va eksport xizmatlarining kutilayotgan hajmlari batafsil muhokama qilindi.
2024-yilda IT Park rezidentlari safiga bir qator istiqbolli kompaniyalar qo‘shildi. Bular: ta’lim sohasida axborot xizmatlarini ko‘rsatuvchi “E-LINE PRESS” autsorsing kompaniyasi; xalqaro kompaniyalarga yuridik va buxgalteriya yordamiga urg‘u bergan holda maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “LEGALMAX CENTRAL ASIA”; autsorsing va autstaffing sohasida konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi “FINANCIAL CHAIN CORPORATION”; hamda multimedia va dizayn xizmatlariga ixtisoslashgan “IONE”.
Rezidentlar bilan uchrashuvlarda biznesni tashvishga solayotgan asosiy masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, bank xizmatlari sohasidagi muammolar, soliq masalalari, malakali xodimlarni yollashdagi qiyinchiliklar muhokama qilindi. Har bir ko‘tarilgan masala bo‘yicha kompaniyalar bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar va ijro muddatlari belgilangan batafsil yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Shuningdek, ushbu qarorlarni amalga oshirishni nazorat qiladigan mas’ul xodimlar tayinlandi.
Bundan tashqari, IT Park vakillari rezidentlar uchun mavjud xizmatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumot berdi: eksport faoliyati xatarlarni kamaytiradigan “Zero Risk” dasturi, ishga qabul qilish xizmatlari, imtiyozli shartlarda ofis binolarini taqdim etish, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun “IT Visa” olishda yordam ko‘rsatish.
IT Park Uzbekistan biznesni muvaffaqiyatli yuritish uchun ekotizimni izchil rivojlantirib, rezidentlarning o‘sishi va kengayishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda. Muntazam uchrashuvlar va ochiq muloqot muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga tezkor hamda samarali yechim topish imkonini beradi. Bularning barchasi kompaniyalarning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va ularning eksport faoliyati hajmini oshirishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning global IT-xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2025-07-10