IT Park Uzbekistan rezidentlari Tadbirkorlar kuni munosabati bilan e’tirof etildi

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoni va Farmoyishiga muvofiq mamlakatimizning turli sohalarida samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh tadbirkorlar va soha vakillari davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 

Mukofotlar tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy xizmatlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashga qo‘shgan munosib hissa, shuningdek, biznesdagi salmoqli natijalar va ijtimoiy faollik uchun berildi. 

Taqdirlanganlar orasida IT sohasi vakillari, jumladan, IT Park Uzbekistan rezidentlari ham bor: 

  • Elbek Nurmuxamedov, “East-games” MChJ ta’sischisi – “Kelajak bunyodkori” medali;
  • Jasur Jumayev, “Uzum Technologies” MChJ bosh direktori – “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni;
  • Boisxon Ganiyev, “United Soft” MChJ rahbari – “Do‘stlik” ordeni;
  • Lazizbek Xamidov, “Tasnif group” MChJ direktori – “Shuhrat” medali.

Ushbu yuksak e’tirof IT va texnologik tadbirkorlik vakillarining O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti, innovatsiyalarni rivojlantirish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi hissasi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

IT Park Uzbekistan jamoasi barcha mukofot sohiblarini samimiy tabriklaydi va kelgusi faoliyatida yangi yutuqlar tilaydi!

2026-08-14