IT Park Uzbekistan Sankt-Peterburg biznes delegatsiyasini qabul qildi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan Sankt-Peterburg Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan tashkil etilgan biznes delegatsiyani qabul qildi. Delegatsiyaga markaz direktori Mariya Ershova boshchilik qildi. Tashrif doirasida Rossiyaning qator kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bozori imkoniyatlari, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqadagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiya a’zolari va IT Park rezidentlari ishtirokida davra suhbati tashkil etdi. Uchrashuv O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan AKT sohasi, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar hamda ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.

IT Park Uzbekistan tomonidan uchrashuvga rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari Lazizbek Xudayev boshchilik qildi. U IT Park ekotizimi, texnologik kompaniyalar uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan soliq va bojxona imtiyozlari, kadrlar tayyorlash dasturlari, biznes infratuzilmasi hamda eksportni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekistonda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga mamlakatning texnologik investitsiyalarni jalb qilish, raqamli mahsulotlar yaratish hamda xalqaro bozorlarga xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish uchun qulay yo‘nalish sifatidagi afzalliklari taqdim etildi.

Tashrif dasturining muhim qismi delegatsiya vakillari va IT Park rezidentlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlardan iborat bo‘ldi. Muzokaralar davomida dasturiy ta’minot ishlab chiqish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, korxonalarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, “AI Vision” texnologiyalari hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar tomonlarga o‘z tajribasi va salohiyatini namoyish etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini baholash hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash imkonini berdi. Shuningdek, bir qator kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va IT Park rezidenti sifatida ishlash imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Mazkur tashrif xalqaro biznes hamjamiyatining O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bunday uchrashuvlar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatga xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb etishga xizmat qiladi.

 

2026-06-24