IT Park Uzbekistan Singapur texnologik kompaniyalari va investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Enterprise Uzbekistan raisi o‘rinbosari Sardorjon Axmedov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Singapur AI kompaniyasi AdiNex.AI hamda Xalqaro savdo kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar biznes vakillari, investorlar va turli mamlakatlardan kelgan texnologik kompaniyalarni birlashtirgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlar delegatsiyasi tarkibidan AdiNex.AI kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Vishal Garxel, hammuassisi va direktorlar kengashi raisi Ravindra Puttevar, shuningdek, Xalqaro savdo kengashining davlat organlari bilan hamkorlik bo‘yicha direktori doktor Tristan Evans ishtirok etdi.

Tomonlar sun’iy intellekt, investitsiyalarni jalb qilish, startap ekotizimini rivojlantirish va xalqaro biznes hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida IT Park Uzbekistan O‘zbekiston texnologik ekotizimining imkoniyatlari hamda xalqaro IT kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlarni taqdim etdi. O‘z navbatida, AdiNex.AI sun’iy intellekt, aqlli shaharlar, geoanalitika va raqamli transformatsiya sohalaridagi yechimlarini namoyish etib, O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlarni o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida autsorsing hamkorligini rivojlantirish, xorijiy texnologik kompaniyalar, investorlar va startap loyihalarni jalb qilish istiqbollarini ham muhokama qildi. Startaplarga investitsiya kiritish, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni yangi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro savdo kengashi vakillari Singapur biznes hamjamiyati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga, kelgusidagi biznes tashriflarini qo‘llab-quvvatlashga va O‘zbekistonning raqamli ekotizimini o‘zining xalqaro hamkorlar tarmog‘i orqali targ‘ib qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, tomonlar sun’iy intellekt va autsorsing yo‘nalishlarida pilot loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish hamda muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

AdiNex.AI va Xalqaro savdo kengashi bilan hamkorlikni rivojlantirish IT Park Uzbekistan uchun xalqaro sheriklik aloqalarini kengaytirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda mahalliy startaplar va IT kompaniyalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, Singapurning texnologik va biznes doiralari bilan hamkorlik O‘zbekistonning raqamli ekotizimini xalqaro bozorda ilgari surish va mamlakatda istiqbolli innovatsion loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.

 

2026-06-16