IT Park Uzbekistan sun’iy intellekt va raqamli investitsiyalar kelajagiga bag‘ishlangan xalqaro muhokamada ishtirok etdi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida “AI, Digital Governance and Innovation: The Next Investment Frontier” mavzusidagi xalqaro panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv va innovatsiyalarning iqtisodiy rivojlanish hamda investitsiyalarni jalb etishdagi o‘rniga bag‘ishlandi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Muhokamaning asosiy mavzusi sun’iy intellektning davlat xizmatlarini transformatsiya qilish, iqtisodiyot samaradorligini oshirish va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishdagi ta’siri bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar raqamli ekotizimlarni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.

Spikerlar orasida Toni Bler nomidagi Global o‘zgarishlar instituti sun’iy intellekt va innovatsiyalar bo‘yicha direktori Benedikt Makon-Kuni, Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi vazir o‘rinbosari Takehiko Matsuo, shuningdek Uzum, Wildberries Uzbekistan, DataVolt, UZCARD, TAV Technologies kompaniyalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi. Muhokamada 100–150 nafar mehmon qatnashdi.

Tadbirda IT Park Uzbekistan nomidan strategik rivojlanish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova ishtirok etdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda sun’iy intellekt va startap ekotizimining rivojlanishi haqida so‘z yuritib, mamlakat sun’iy intellektni nafaqat texnologik yo‘nalish, balki iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb etishning muhim drayverlaridan biri sifatida ko‘rayotganini ta’kidladi. Shuningdek, AI Strategy 2030 strategiyasi maqsadlari, sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va texnologik investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

“Biz sun’iy intellekt rivojlanishi barcha bosqichlarda — mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlardan tortib, startaplarni ishga tushirish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga AI yechimlarini joriy etishgacha qo‘llab-quvvatlanadigan ekotizimni yaratmoqdamiz”, — dedi Mahliyo Muksinova.

Tadbir davomida mamlakat startap ekotizimining rivojlanish natijalari ham taqdim etildi. StartupBlink Global Startup Ecosystem Index 2026 ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston startap ekotizimining o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi va “Yil mamlakati” deb e’tirof etildi. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2024-yildagi 69 million AQSh dollaridan 2025-yilda 308 million AQSh dollaridan ortiq ko‘rsatkichga yetdi, ro‘yxatdan o‘tgan startaplar soni esa 1 000 tadan oshdi.

Panel sessiyasi sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar sohasida xalqaro tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi. IT Park Uzbekistan uchun bunday tadbirlarda ishtirok etish mamlakatni mintaqaviy texnologik xab sifatida targ‘ib qilish, xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston bozoriga yangi investorlar va texnologik kompaniyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

 

2026-06-18