Seul shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasida Koreya Respublikasida faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan o‘zbek IT-mutaxassislari, muhandislar, tadbirkorlar hamda texnologik loyihalar asoschilarini birlashtirgan Tech Compatriots Meetup 2026 bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov ishtirok etdi.
Muhokamalar markazida Koreyadagi o‘zbek mutaxassislari professional hamjamiyatini rivojlantirish, ularning O‘zbekiston IT ekotizimi bilan aloqalarini kengaytirish, xalqaro tajriba almashinuvi va qo‘shma texnologik tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari bo‘ldi.
Ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan ekotizimi, xalqaro IT-kompaniyalar va startaplar uchun yaratilgan sharoitlar, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Alohida e’tibor xorijdagi mutaxassislar va hamkorlarni O‘zbekiston texnologik ekotizimini targ‘ib qilish jarayoniga jalb etishni nazarda tutuvchi Global Partner Network tashabbusiga qaratildi. Tech Ambassador, Bonus System, Digital Champion va VC Scouting yo‘nalishlari doirasida ishtirokchilar eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni jalb etish, o‘zbek IT-yechimlarini xalqaro buyurtmachilar orasida ilgari surish hamda startaplar va xorijiy investorlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishi mumkin.
Tech Compatriots Meetup tadbirida xalqaro texnologik kompaniyalar va o‘z loyihalarini taqdim etgan 10 nafar mutaxassis va tadbirkor ishtirok etdi. Ular orasida NVIDIA, Coupang, SendBird, STRATIO, ThunderSoft, Salmon Group, Salm Corp va i2max kompaniyalari muhandislari va ekspertlari, shuningdek, Azan Market, Mango Market, Kaja Games, ZaminTwin.ai, Comets va Devex Academy asoschilari va vakillari bor.
Ishtirokchilar sun’iy intellekt, kompyuter ko‘rishi, avtonom transport, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, fintech, GameDev, e-commerce va bulutli infratuzilma kabi keng yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
Xususan, O‘zbekistondan bo‘lgan mutaxassislar NVIDIA DRIVE doirasida avtonom transport uchun yechimlar ishlab chiqishda qatnashmoqda, Coupang kompaniyasida xavfsizlik infratuzilmasi bilan ishlamoqda, xalqaro texnologik kompaniyalarda AI-yechimlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqmoqda, shuningdek, kompyuter ko‘rishi, o‘yinlar ishlab chiqish va elektron tijorat yo‘nalishlarida o‘z startaplarini rivojlantirmoqda.

Uchrashuvning alohida qismi ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Unda ishtirokchilar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, sun’iy intellekt sohasidagi joriy tashabbuslar, E-Government yo‘nalishidagi o‘zgarishlar, Enterprise Uzbekistan platformasining imkoniyatlari, shuningdek, vatandoshlarni viza masalalari va O‘zbekiston bilan professional hamkorlik bo‘yicha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini muhokama qildi.
Shuningdek, o‘zbek mutaxassislarining Koreya Respublikasi bozoriga moslashuvi bilan bog‘liq amaliy masalalar, jumladan, koreys tilini bilish darajasini oshirish va mahalliy biznes hamda texnologik muhitga yanada chuqurroq integratsiyalashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida texnologiyalar va raqamli xizmatlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, vatandoshlarni O‘zbekistondagi texnologik loyihalarga jalb etish va barqaror professional aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida Koreya Respublikasidagi o‘zbek IT-mutaxassislari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston raqamli ekotizimini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishga tushirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
2026-09-17