IT Park Uzbekistan Uzbekistan–Korea Digital Technology Dialogue doirasida mamlakat texnologik ekotizimi imkoniyatlarini taqdim etdi

17-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi texnologik hamda ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan Digital Technology Dialogue Uzbekistan–Korea davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher Abdusalomov, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov, shuningdek, tegishli tashkilotlar, texnologik kompaniyalar va biznes hamjamiyati vakillari o‘rin oldi.

Dastur doirasida IT Park Uzbekistan mamlakat texnologik ekotizimining imkoniyatlari, biznes uchun amaldagi qo‘llab-quvvatlash choralari, kadrlar salohiyati hamda xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirishda mavjud vositalarni taqdim etdi.

Alohida blok xalqaro texnologik kompaniyalarning amaliy tajribasiga bag‘ishlandi. 2026-yil yanvaridan buyon IT Park rezidenti bo‘lgan PROTOTIE O‘zbekistondagi faoliyatini AI asosidagi matching, IT-autsorsing, iste’dodlarni boshqarish va xalqaro bozorlarga chiqish yo‘nalishlarida rivojlantirish tajribasini taqdim etdi.

Ochiq muhokama davomida O‘zbekistonda faoliyat boshlash yoki uni kengaytirishga qiziqish bildirgan kompaniyalar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, IT Park rezidenti maqomini olish, mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari va mahalliy bozorda faoliyat yuritish shartlari bo‘yicha savollariga javob oldi. O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini hali o‘rganayotgan kompaniyalar bilan kelgusidagi hamkorlik formatlari va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Dastur, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya tomonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan business matching va networking sessiyalarini o‘z ichiga oldi.

Hamkorlikning taqdim etilgan yo‘nalishlari qatoridan sun’iy intellekt, xizmatlar eksporti, sanoatning raqamli transformatsiyasi, IT-infratuzilma, ma’lumotlar markazlari, texnologik kadrlar tayyorlash va xalqaro IT-loyihalarni rivojlantirish o‘rin oldi.

Tadbir doirasida AEGIS GLOBAL HUB va PROTOTIE kompaniyalariga IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olganini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

Davra suhbatida jami 20 dan ortiq tashkilot va kompaniyadan 30 dan ziyod vakil ishtirok etdi. Ular orasida DGICT, Gyeongbuk Technopark, Korea Industry Intelligentization Association, Korea Productivity Center, Timonet, PROTOTIE, AEGIS GLOBAL HUB, Ventureport, Solutek System, ForEMDX, MANIAMIND, SaferZone, Pegatron, ITSCO va texnologik sektorning boshqa tashkilotlari bor. 

2026-09-17