ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova Alibaba Group xalqaro hukumat bilan aloqalar bo‘limi rahbari Frank Ludwin Schaefer bilan uchrashdi.
Tomonlar sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar va kompaniyalarning Alibaba Group xalqaro texnologik ekspertizasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muhokamaning asosiy yo‘nalishlaridan biri IT Park rezidentlari va o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Alibaba Cloud’ning sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘ldi. Ushbu dasturlar doirasida texnik vorkshoplar va professional sertifikatsiyaga tayyorgarlik dasturlari tashkil etilishi mumkin.
Shuningdek, ayrim o‘zbekistonlik startaplarga sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va yanada rivojlantirish uchun Alibaba Cloud resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Alibaba Cloud ekspertlari va IT Park Uzbekistan startap ekotizimi vakillari ishtirokida qo‘shma AI xakatonlari va innovatsion chellenjlar o‘tkazish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi. Bunday formatlar amaliy AI kompetensiyalarini rivojlantirish, yangi texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish hamda startaplarning xalqaro ekspertlar bilan hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
IT Park Uzbekistan 2020-yildan buyon Alibaba Group bilan hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. Dastlab hamkorlik elektron tijorat va Xitoy bozoriga chiqish imkoniyatlariga qaratilgan edi. 2025-yil iyun oyida Alibaba Cloud va Alibaba.com vakillari bilan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan, 2026-yil iyul oyida esa hamkorlik yo‘nalishlari sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va raqamli infratuzilma bilan kengaytirilgan.
Alibaba Group, 1999-yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektron tijorat, bulutli hisoblash, raqamli media, logistika va iste’mol servislarini birlashtiradi. Guruhning global raqamli platformalari 200 dan ortiq mamlakat va hududlarni qamrab oladi, Alibaba Cloud esa kompaniyaning asosiy texnologik biznes yo‘nalishlaridan biridir.
2026-09-28