IT Park Uzbekistan va Berlitz mutaxassislar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni davom ettirmoqda

IT Park Uzbekistanda xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova va “Berlitz Philippines” prezidenti janob Vilson Go o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov hamda “Berlitz Philippines” va “Berlitz Uzbekistan” bosh direktori Fortuna Joy de Lara tomonidan boshlangan muloqotning davomi sifatida o‘tkazildi.

Asosiy e’tibor xalqaro autsorsing kompaniyalari ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maxsus til dasturlarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy qadamlarga qaratildi. Har ikki tomon ham o‘quv dasturlari ish beruvchilarning aniq talablariga moslashtirilishi uchun BPO hamkorlarini oldindan jalb qilish muhimligini ta’kidladi.

Kompaniya 100 dan ortiq BPO-kompaniyalari bilan hamkorlik qilayotgan Filippindagi “Berlitz” tajribasini inobatga olgan holda, ishtirokchilar bunday yondashuvni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Vilson Go “Berlitz” kompaniyasi qanday qilib bozor ehtiyojlarini aniqlab, ta’limni mijozlar talablariga moslashtirishini tushuntirdi. Xuddi shu modelni IT Park bilan hamkorlikda joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ikki tomon ham xorijiy tillarni biladigan malakali mutaxassislarning barqaror oqimini shakllantirishga intilishini tasdiqladi. Shuningdek, xalqaro BPO-kompaniyalari bilan hamkorlikda B1-C1 darajasidagi yangi til dasturlarini ishga tushirish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash uchun hamkor ish beruvchilar tarmog‘ini kengaytirish rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida pilot dasturlarni ishga tushirish muddatlari, hamkorlarni tanlash va operatsion vazifalarni taqsimlashni o‘z ichiga olgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga qaror qilindi. Yaqin kunlarda tafsilotlarni kelishish bo‘yicha amaliy yig‘ilishlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

IT Park Uzbekistan “Berlitz” kabi global hamkorlar bilan birgalikda mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va inson kapitalini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

2025-07-16